Samarqandda yilning birinchi yarmida 610 nafar sudlanuvchi ozodlikdan mahrum etildi

Samarqand viloyat sudlarining joriy yil birinchi yarmida odil sudlovni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyati yuzasidan brifing o‘tkazildi.

Unda viloyat sudi raisi Olim Hayitov hamda o‘rinbosarlari, viloyat ma’muriy sudi raisi Tohir Fayziyev hisobot davridagi faoliyat bo‘yicha axborot berdi.

– Yilning birinchi yarmida viloyat sudi, tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 2976 nafar shaxsga nisbatan 2400 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlandi – dedi O.Hayitov. – Shundan 1750 ta ish bo‘yicha 2272 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarildi. 694 nafar shaxsga nisbatan 644 ta ish tugatildi. Tamomlangan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 560 taga hamda shaxslar soni 648 nafarga ko‘paygan.

Ko‘rib tamomlangan ishlarda sudlangan shaxslarning 217 nafarini ayollar (shundan 8 nafari muqaddam sudlangan) hamda 1986 nafarini erkaklar (shundan 133 nafari muqaddam sudlangan)ni tashkil etadi. Ulardan 848 nafari yoshlar, 73 nafari voyaga yetmaganlar va 78 nafari 60 yoshdan oshganlardir.

Sudlanganlarning 610 nafari (27,7 foizi)ga ozodlikdan mahrum qilish, 714 nafari (32,4 foizi)ga ozodlikni cheklash jazosi, 673 nafariga (30,5 foizi)ga axloq tuzatish ishlari tayinlangan. 359 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi.

Shu davrda viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 7 ta jinoyat ishi bo‘yicha 7 nafar shaxs oqlandi.
622 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 663 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi.

Shuningdek, birinchi yarim yillikda jazoni ijro etish manzil koloniyalaridan 530 nafar shaxslar tayinlangan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli va jazo yengilrog‘iga almashtirilib, qamoqdan ozod qilindi. Shu bilan birga, jazoni ijro etish manzil koloniyasining ichki tartib qoidalarini buzgan 30 nafar mahkumning jazosi og‘irrog‘iga almashtirilib, yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasalariga yuborilgan.

Viloyat sudlariga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida 781 nafar shaxsga nisbatan iltimosnomalar kelib tushgan bo‘lib, 778 tasi qanoatlantirilgan, 2 tasi rad qilingan va 1 tasi chaqirib olingan. Uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida 10 nafar shaxsga nisbatan iltimosnoma kelib tushgan va qanoatlantirilgan.

Viloyat sudi raisining aytishicha, yilning dastlabki olti oyida 25785 nafar shaxsga nisbatan 21256 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar birinchi instansiyada ko‘rib chiqilib, 13863 ta ma’muriy ish bo‘yicha 15887 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash haqida qaror chiqarildi. Ko‘rilgan ma’muriy-huquqiy ishlar bo‘yicha 23 milliard 924 million so‘m jarima jazosi tayinlanib, 13 milliarnd so‘mdan ortig‘i ixtiyoriy ravishda to‘langan.

Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman va shahar sudlari birinchi instansiyasida 23887 ta fuqarolik ishlari tamomlangan. Jumladan, 18605 ta da’vo qanoatlantirilgan, 2558 tasi rad qilingan. Nikohdan ajratish bilan bog‘liq 3964 ta fuqarolik ishining 1512 tasi rad etilgan.
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda shahar, tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 5567 ta iqtisodiy ishlar mazmunan ko‘rilib hal etilgan. Bu ishlarda 4960 ta da’vo qanoatlantirilgan. Da’vosi qanoatlantirilgan ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 312 milliard 337 million so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilingan.

Samarqand viloyati ma’muriy sudi raisi T.Fayziyevning hisobotida keltirilishicha, yarim yil davomida viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 593 ta ma’muriy ish ko‘rib tamomlandi. Bu ishlarning 253 tasi qanoatlantirilib, 240 tasi rad etildi. Jumladan, tuman, shahar hokimliklarining qarorlarini bekor qilish bilan bog‘liq 228 ta ish ko‘rilib, 91 ta qaror haqiqiy emas, deb topildi.

Brifingda, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.