Samarqandda yo‘l-transport hodisalari va oqibatlari nimani ko‘rsatdi?

O‘tgan yilning sakiz oyida 539 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning mos davrida bunday hodisalarni 28 foizga kamaytirishga erishildi. Ya’ni, o‘tgan davrda viloyat hududida 388 ta yo‘l-transport hodisalari yuz bergan.

Qayd etish o‘rinliki, transport vositalari bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklar oqibatida fuqarlarimizning tan jarohati olish holatlari ham 28 foizga kamaydi. Misol uchun, 2018 yilda yo‘l-transport hodisalarida 503 kishi turli darajada jarohatlangan bo‘lsa, joriy yilda 361 kishiga yo‘l-transport hodisalari tufayli tibbiy yordam ko‘rsatishga to‘g‘ri kelgan.

O‘z navbatida, “avtoavariya”lar oqibatida fuqarolarning halok bo‘lishi ham birmuncha kamaygan. Xususan, 2018 yilda 179 kishi yo‘l-transport hodisalari qurboni bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda haydovchilar 154 kishining bevaqt hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lgan.

Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, soha xodimlari tomonidan olib borilayotgan ishlar o‘zining ijobiy samarasini berayotganini ko‘rish mumkin. Negaki, o‘tgan sakkiz oyning so‘nggi 20 kunida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan fuqarolarning yo‘l-transport hodisalari tufayli halok bo‘lganlarning sonini 12,6 foiz va tan jarohati olganlarni 28,2 foizga kamaytirishga erishilgan.

Viloyat IIB YHXB axborot xizmati.