Samarqandda zaytun yetishtiriladi

Vodiy, voha, Toshkent hududlarining tuproq sharoitidan kelib chiqib ayrim ko‘chatlar mos kelmaydi. Ko‘chatni shunchaki ekish emas, uni mos keladigan yerga eksagina kutilgan natijani beradi. Viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi tomonidan Jomboy tumanidagi “Bog‘bon” agrokompleksiga tashkil etilgan press-turda bu jarayonlarni bevosita kuzatdik.

24 gektar maydonda joylashgan ushbu agrokompleksda har bir hududning tuproq, suvi, iqlim sharoitlari o‘rganilgach laboratoriya sinovlaridan o‘tgan 65 xildan ortiq ko‘chatdan yerga mos keladiganlari tavsiya etiladi.

-  Zaytun yog‘i dunyoda eng qimmatli va foydali hisoblanadi, - deydi “Bog‘bon” agrokompleksi in-vitro laboratoriyasi rahbari Ilyos Haydarov. – Ammo bizda shu paytgacha zaytun yetishtirish bo‘yicha katta tajriba yo‘q edi, bunga asosiy sabablardan biri zaytun nisbatan issiq va dengiz bo‘yi davlatlarida ekilishi edi. Lekin sekleksiya natijasida sovuq iqlimga chidamli navlar ham yaratilyapti. Jumladan, ispaniyalik seksionerlar tomonidan yaratilgan zaytunning “Orbikina” navi 22 daraja sovuqqacha chidamli bo‘lib asosan yog‘ olish uchun o‘stiriladi. 2022 yilda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida 50 gektar maydonda “Orbikina” navidan respublikamizdagi birinchi zaytun plantatsiyasi tashkil etildi. Zaytun plantatsiyalarini ko‘paytirish loyihasi asosida agrokompleksimizda 100 ming tupdan ortiq ko‘chat tayyorlandi. Hozirda Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy, Bandixon, Qumqo‘rg‘on tumanlarida zaytun bog‘lari joriy etilmoqda. Buning uchun vodiy viloyatlarining soha mas’ullari hokim o‘rinbosarlari, bog‘bonlar kelib o‘rganib ketishmoqda. Gektariga 800 tup ko‘chat ekiladi va uchinchi yildan boshlab 1 tonna hosil, undan 300 litr yog‘ olish mumkin, o‘ninchi yilga borib hosildorlik 3-4 barobargacha ortadi.  

Shuningdek, agrokompleksda laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tgan bodomning kech gullaydigan bir necha xil navi, Yevropa davlatlaridan 40 ga yaqin tok navlari keltirildi. 

Davlat rahbarining Ozarbayjonga tashrifi davomida yurtimizda “Funduk” yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Bu o‘simlikni ham o‘rganib, shu oyda Ozarbayjon, Turkiyadan ko‘chatlar keltirilmoqda. 

Yong‘oq, bodom, pista yetishtirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Jumladan, AQShdan pistaning suvsizlikka, sho‘r yerga chidamli, tez hosilga kiruvchi navi keltirildi. 

 Press-tur davomida jurnalistlar tumandagi “Sulton Shakarboyev” fermer xo‘jaligida to‘qsonbosti usulida sabzavot yetishtirish jarayonlari bilan ham tanishtirildi. 

O‘.XUDOYBERDIYeV.