Samarqanddagi 42 ta maktabda variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv reja joriy etildi

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tajriba-sinov tariqasida variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv reja joriy etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2019 yil 28 dekabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejalarini tajriba-sinovdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasining tegishli buyrug‘i qabul qilinib, shu asosda aniq belgilangan vazifalar amalga oshirilmoqda.

Variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejani amaliyotga joriy etish oldidan viloyatdagi barcha umumta’lim muassasalarida o‘quvchilar va ularning ota-onalari orasida so‘rovnomalar o‘tkazildi. Mutaxassislar ularning yangi o‘quv rejaga munosabati, qiziqishlarini o‘rganishdi. Natijalar kutilganidan-da ijobiy bo‘ldi. Ya’ni, aksariyat ota-onalar hamda o‘quvchilar variativ o‘quv rejaning asosiy maqsadi o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishida o‘ziga xos imkoniyat, ilm olishi uchun imtiyoz ekanligi tushuntirilganda talab yanada ortdi. 

— Farzandi umumta’lim maktabini bitirayotganda har bir ota-ona uni oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishini istaydi, — deydi toyloqlik Shoira Aliqulova. — Ularning aksariyati bolasini repetitorga beradi, sarf-xarajat qiladi. Bugungi kunda maktablarda variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejaning joriy etilayotgani farzandlarimiz o‘qiyotgan maktabida, o‘zlari qiziqqan asosiy fanlardan bilim olish imkonini bermoqda. Bundan juda xursandmiz.

Variativ o‘quv rejani joriy etish bo‘yicha jamoatchilik, ota-onalar katta qiziqish bilan munosabat bildirgan bo‘lishiga qaramasdan, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olib hamda so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, Samarqand viloyatidagi jami 42 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida tajriba-sinovdan o‘tkazish bo‘yicha pedagogik kengash yig‘ilishi qarorlari qabul qilindi.

Jumladan, Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 11 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida xorijiy til va filologiya, moliya-iqtisodiyot, texnologiya, tabiiy fanlar, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlari bo‘yicha variativ o‘quv rejalarni tajriba-sinovdan o‘tkazish jarayoniga 10-sinflarning 200 nafar va 11-sinflarning 168 nafar o‘quvchilari qamrab olindi. 29-, 35-, 42-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida xorijiy til va filologiya, 6-, 10-, 30-, 49-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida moliya-iqtisodiyot, 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tabiiy fanlar hamda 3-, 14-, 24-, 28-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida esa gumanitar fanlar yo‘nalishlarida variativ o‘quv reja joriy qilindi.

Tajriba-sinov tariqasida joriy etilayotgan variativ o‘quv reja asosida viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining jami 1734 nafar 10- va 11-sinf o‘quvchisi bilim olmoqda. Ushbu sinovlar ijobiy natija berishi, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘qituvchilari salohiyati, o‘quvchilar va ularning ota-onalari xohish-istagiga ko‘ra, variativ o‘quv reja asosida dars o‘tiladigan maktablar sonini yildan-yilga ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.

Nizomiddin ODILOV,

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.