Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi agentlik odamlarni Koreyaga yuborolmadi. Unga ishonganlar ikki yil sarson bo‘ldi

Keyingi uch yilda jarangdor nom bilan ataluvchi, xorijga ishga ketishni xohlovchi odamlarni aytilgan davlatga yuborish, u yerda daromadli ish bilan ta’minlash va bu boradagi imtihonlardan o‘tkazib berishni va’da qiluvchi firmalar ko‘paygandan ko‘paydi.

Samarqand tumanida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan Nodir Botirov (ism, familiyalar shartli) ham ayni shu ishni boshini tutdi. Aniqrog‘i, u xorijga ketish istagida bo‘lganlar hujjatlarini to‘g‘rilab, tegishli idoraga topshirish, ish qidirib yurgan shaxslarga ish tanlash, ish beruvchilar uchun kadr topish, ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahatlar berish vakolatiga ega firma ochdi.

Hech qanday huquqiy oqibatlar olib kelmaydigan shartnomalar bilan Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborishni va’da qilib o‘nlab fuqarolarning 3 mingdan 7 ming dollargacha pullarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirdi.

2018 yilda boshlangan bu “operatsiya” hali-beri ochilmasligi, chuv tushgan fuqarolar hamon orzular og‘ushida yuraverishlari mumkin edi. Ammo Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborish uchun o‘tkazilgan sinovlar barchasini fosh qilib qo‘ydi.

Gap shundaki, imtihonga qatnashgan fuqarolar natijalar e’lon qilingach, berilgan va’dalar yolg‘on ekanligini anglay boshladi.

Bir guruh bo‘lib firibgarlikni amalga oshirganlar endi vaziyatni yumshatishga, ishni imi-jimida hal qilishga tushishdi. G‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qat’iy hisobdagi muhim shaxsiy hujjat hisoblangan fuqarolik pasportlari birin-ketin qaytarib berildi. Biroq IIBga qilingan murojaat hammasiga nuqta qo‘ydi. Sababi, ishning boshida turgan surxondaryolik shovvoz ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.

To‘g‘ri, tergov davomida firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan pullar qaytarilgan, ya’ni jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangan.

Biroq qilmish-qidirmish, jinoyatga jazo muqarrar.

Sud majlisida Nodir Botirov halol tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganligini, u faqat chet elga ishga bormoqchi bo‘lganlarga hujjat to‘g‘rilashda yordamlashib xizmat haqi olishni o‘ylaganini bildi. Ammo asli surxondaryolik bo‘lgan Abdulla Nosirov bilan tanishgach hammasi o‘zgarib ketganini tan oldi. Uning bildirishicha, Abdulla avval ham bir qancha odamlarni Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborganini aytgan. Bunday faoliyat uchun xususiy agentliklarga ruxsat berilgach, Toshkentda “SSS” firmasi ochganini, hamkorlikda katta ishlar qilishlari mumkinligini bildirgan.

Nafsim mening balodur...

Xalqimiz topib aytgan gapni bu ikki shovvoz ham, ularga sherik bo‘lib mo‘may daromad topishni ko‘zlagan samarqandlik yana bir kishi ham qonuniy jazosini oldi.

Ammo savol tug‘iladi: qachon huquqiy asoslari puxta bo‘lmagan hujjatlarga ishonmaslikni, oddiy yolg‘onlarga chuv tushmaslikni o‘rganamiz?

Abduhakim Oltiboyev,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisining o‘rinbosari.