Samarqanddagi bitta korxona Qashqadaryodagi 7 ming gektar paxta maydoniga xizmat ko‘rsatadi

Jomboy tumanidagi “SOF EXPO SAMARKAND” ko‘rgazmalar markazida “AGROPRO EXPO-2023” agrosanoat II xalqaro ko‘rgazma yarmarkasi davom etmoqda.

Yarmarkada o‘simliklarni zararkunanda va kasalliklardan saqlovchi vositalar paviloni ham ishtirokchilarni e’tiborsiz qoldirmadi.

- Biz asosan Turkiya va Germaniyadan o‘simliklarni har xil hasharot, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kimyoviy vositalar, Gollandiya, Ispaniya, Germaniyadan hosildorligi yuqori bo‘lgan dukkakli ekinlar urug‘larini keltirib, mahalliy sharoitga mos natijaga erishyapmiz, - deydi “Sam Agro Sentr” mas’uliyati cheklangan jamiyati yetakchi agronomi Tolib Yaxshiboyev. – Endilikda Germaniyaning yetakchi korxonalaridan biri bilan o‘simlikning bargidan oziqlantiruvchi vositalarini yurtimizda qo‘llash bo‘yicha kelishuv olib boryapmiz. Korxonamiz mutaxassis va agronomlari respublikaning deyarli barcha hududidagi klaster korxonasi bilan hamkorlik olib bormoqda. O‘tgan yili shu ko‘rgazma doirasida 10 milliard so‘mga yaqin 4 ta shartnoma imzolagandik va korxonamiz umumiy qiymati 50 milliard so‘mlik xizmatlarni amalga oshirdi. Hozir ko‘rgazmaning birinchi kunida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi “Oqsaroy” klaster korxonasi bilan 7 ming gektar paxta maydoniga xizmat ko‘rsatish uchun 3 milliard so‘mlik shartnoma imzoladik.

Ko‘rgazmada qo‘shni viloyatlarning qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, eksportyor va importyorlari, dehqon-fermerlari, klaster korxonalari xodimlari ham qatnashmoqda. Bu yerda ishtirokchilar uchun o‘zaro muloqot qilish, taqdimotlar o‘tkazish uchun ham imkoniyatlar yaratilgan. Ko‘rgazma doirasida soha mas’ullari va mutaxassislarining agrar soha vakillari bilan uchrashuvi ham o‘tkazilib, sohadagi yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.

- Agrar sohada innovatsiya nima uchun kerak, deb o‘ylagan dehqon xato qiladi, - deydi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari v.v.b. F.Abilov. – Dehqon yangilik qilmasa, innovatsion texnologiyalarni joriy etmasa, har yilgiday urug‘ni ekaman, hosilni olaveraman, deb o‘ylashi noto‘g‘ri. Bugun qishloq xo‘jaligida butunlay yangi texnologiya, yangicha uslublar qo‘llanilmolmoqda. Jahonning sohada yetakchi davlatlarida ham yerga nisbatan munosabat tamomila o‘zgargan. Har qarich yerdan unumli foydalanish, tejamkor yo‘llar bilan yuqori hosildorlikka erishish zamonning talabi. Bu ko‘rgazmada ham zamonaviy va tejamkor uskunalar namoyish etilmoqda. Ular yordamida bir nechta jarayonni bir vaqtda bajarish mumkin. Birgina piyoz ekishda biz odatiy usulda gektariga 16 kilogramgacha urug‘ sarflaymiz. Zamonaviy seyalka yordamida gektariga 4 kilogramm urug‘ ekish mumkin. Mana, dehqon eski usulda ishlab urug‘ ekishning o‘zidan zararni boshlaydi. Shuning uchun innovatsiya qishloq xo‘jaligida dolzarb hisoblanadi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.