Samarqanddagi Bog‘ibaland mahallasi mamlakatimizdagi birinchi turistik mahalla maqomiga ega bo‘ldi
Ayni paytda bir necha asrlik anjir bog‘lariyu, hunarmandchilik maskanlari, osh paloviyu boshqa go‘zal maskanlari bilan mashhur Bog‘ibaland mahallasi raisiga O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev tomonidan turistik mahalla maqomini beruvchi sertifikat tantanali tarzda topshirildi.
Samarqanddagi ilk turizm qishlog‘i Konigil 2020 yilda ochilgan bo‘lsa, mana, oradan uch yil o‘tib, mamlakatimizda ilk turistik mahalla ham aynan Samarqand shahrida tashkil etilmoqda, - deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Bunday etnografik, viloyatning o‘ziga xosligini ko‘rsatib beruvchi hududlarga nafaqat xorijiy, balki mahalliy sayyohlarda ham qiziqish kundan-kunga ortib borayotganini viloyatga tashrif buyurayotgan mehmonlar oqimidan ham bilishi mumkin. Ularning soni kelgusida yanada ortib borishi uchun imkoniyatmiz bor.
- Mazkur mahalla ushbu maqomga ega bo‘lishi uchun bu yerda qator ishlar amalga oshirildi, - deydi Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov. - Xususan, bog‘ hududida 15 ta dam olish maskani va milliy uslubdagi degustatsiya uchun joylar tashkil etildi. Piyoda, velosiped, elektromobil, velomobil, otda sayr qilish uchun sharoit yaratildi. Mehmonlarning qulay harakatlanishi uchun yo‘l ko‘rsatkichlari, stella va bog‘ xaritasi o‘rnatildi. Hududda tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi va savdosi tashkil etildi. Mahallaning barcha uchun qulay joyida Turizm axborot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, zaruriy ma’lumotlar joylashtirildi. Shuningdek, anjir daraxtlarini ekish, yetishtirish, hosilni yig‘ish jarayoni bilan sayyohlarni tanishtirish va ushbu jarayonlarda tashrif buyuruvchilarning o‘zlari ham ishtirok etishlari va degustatsiyani tashkil etishga sharoit yaratildi.