Samarqanddagi eng qoloq maktablarga 10 sentyabrgacha videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi
Bu haqda viloyat hokimi yangi o‘quv yili oldidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, keyingi vaqtlarda xalq ta’limi tizimida shaklga katta e’tibor qaratilib, mazmun va sifat masalasi chetda qolgan. Oqibatda, bugungi kunda maktablarning milliy reytingida Samarqand 13-o‘ringa tushib qolgan. Aksariyat tumanlardagi maktablar reytingning eng quyi o‘rinlarida qayd etilgan.
- Samarqand shahri va tumani, Urgut, Toyloq, Payariq va Past Darg‘om tumanlaridagi ta’lim sifati past bo‘lgan 10 tadan maktabga videokuzatuv uskunalari o‘rnatiladi, - dedi viloyat hokimi. – Qolgan tumanlarda ham xuddi shu tartibda 5 tadan maktablarning sinfxonalari, o‘qituvchilar xonasi, kerak bo‘lsa hovliga ham kameralar o‘rnatiladi.
Buning uchun tuman, shahar hokimliklarining zaxira fondidan mablag‘ ajratilib, belgilangan ishlar 10 sentyabrga qadar yakunlanishi shart.
Qayd etilganidek, bu avvalo ta’lim sifati past maktablarda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi. Viloyat hokimiga ham kirish imkonini beruvchi tizim 24 soat ishlashi kerak.