Samarqanddagi gazeta tahririyatlari sayt va messenjerlardagi sahifalarini qanday yurityapti? 

Viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan “Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda sahifa (kanal)lar yuritishning o‘ziga xos usullari” mavzusidagi o‘quv-amaliy seminar davomida shu savollarga javob izlandi.

Viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati hamkorligida tashkil etilgan seminar davomida “Ijtimoiy tarmoq nima?” “Messenjer-chi? “Bosma nashrlar, undan qanday foydalanishi kerak?” kabi savollarga javob izlash barobarida viloyat, shahar va tumanlar gazetalarining veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlari va messenjerlariga ma’lumot joylashtirib borishning holati tahlil qilindi.

- Ochiq aytaman, bu galgi seminar avvalgilaridan jonli, o‘zaro tajriba almashish maydoniga ega bo‘lganligi, sayt, telegram, feysbuk ijtimoiy tarmoqlarini yuritishda nimalarga e’tibor qaratish zarurligini o‘zlashtirishga qaratilgani bilan farqli bo‘ldi, - deydi Qo‘shrabot tumanining “Istiqbol sari” gazetasi bosh muharriri Husniddin Mamarasulov. – O‘quv-seminardan ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi sahifalarimizni sifatli yuritish uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldik.

Tadbir davomida seminarga taklif etilgan mutaxassislar tomonidan telegram, feysbuk, instagram platformalari yuritishning o‘ziga xos usullari, xususan, bu boradagi tajriba www.Zarnews.uz internet nashri misolida ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar mavzu yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdi.

Husan Eltoyev.