Samarqanddagi IT-park rezidentlari tomonidan 2023 yilda ko‘rsatilgan xizmatlar 71,6 milliard so‘mni, eksport esa 4 million dollarni tashkil etdi

Umuman, o‘tgan yil davomida viloyat bo‘yicha ko‘rsatilgan axborot kommunikatsiyasi texnologiyalari xizmatlari hajmi 2022 yilga nisbatan 121,4 foizga o‘sgan. IT-park rezidentlari soni 80 taga yetgan. Ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 71,6 milliard so‘mni, eksport xizmatlari esa 4 million AQSh dollarini tashkil etgan.

80 ta IT-park rezidentlarining 19 tasi masofaviy xizmatlar eksporti, 32 tasi dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish, 29 tasi IT ta’lim faoliyatlari bilan shug‘ullanadi.

Bu ma’lumotlar Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat bo‘linmasi tashabbusi bilan jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-tur jarayonida ma’lum qilindi.

- Yurtimizda raqamli texnologiyalar yo‘nalishi tez sur’atlarda rivojlanib boryapti, - deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat bo‘linmasi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyev. - Viloyatimizda ham mazkur yo‘nalishda ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi va sohada faoliyat olib borayotganlar soni oshib bormoqda. Shuningdek, eksport xizmatlari ko‘rsatayotgan korxonalar soni ko‘payib, yoshlarning sohaga bo‘lgan qiziqishi keskin oshmoqda. Ayniqsa, axborot kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish, AKTdan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, soha bilan mashg‘ul yoshlar kontingentini ko‘paytirish muhim ahamiyatga ega.  

Samarqand shahridagi “Wepro” o‘quv markazi 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, IT-park rezidenti hisoblanadi. Markazda dasturlashning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan. 

- Dasturlash yo‘nalishini o‘rgana boshlaganimga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q, - deydi “Wepro” o‘quv markazi tinglovchisi Ziyoda Jumayeva. – O‘zim iqtisodchiman, lekin so‘nggi vaqtlarda veb-dasturlovchilarga talab kuchayib borayotganligini ko‘rib shu sohani egallashga qaror qildim.

Markazda 5-6 turdagi zamonaviy kasblarga o‘rgatilmoqda. Avvalo, tinglovchilar uchun kompyuter savodxonligi va ingliz tilini bilish asosiy talablardan hisoblanadi.   

- 2023 yilda ingliz tiliga o‘rgatish bo‘yicha “Wespeak” o‘quv markazi ham tashkil etdik, - deydi  markaz rahbari Alisher Mardiyev. - O‘quv maskanlarimizda yiliga 4 ming nafarga yaqin aholi va yoshlar zamonaviy kasblarga va ingliz tiliga o‘qitiladi. Bir oylik kurslarimizni tugatgan 20 dan ziyod tinglovchimiz o‘z ish joylariga ega bo‘ldi. 

Press-tur qatnashchilari “SamIT Global” IT akademiyasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdilar.   

2023 yilda qurilishi boshlangan “SamIT Global” IT akademiyasiga 3 million dollarga yaqin mablag‘ investitsiya qilingan. Akademiyada o‘quvchilar va o‘qituvchilarga, shu jumladan xorijiy mutaxassislar uchun ham yotoqxona qurilgan. 

- Bizda o‘qish va o‘rganishdan tashqari IT hamda masofaviy xizmatlar eksportini amalga oshirishga qaratilgan o‘quv kursi hamda tashkil etildi, - deydi “SamIT Global” akademiyasi direktori Sanjar Saidqulov. – Shuningdek, barcha yoshdagi aholi, ayniqsa, yoshlarning ta’lim olishlari, so‘ngra shu yerning o‘zida ishlab, logistika eksporti uchun xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Bu akademiyamiz ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun xizmat qiladi. 

Yoshlarni AKT sohasiga yanada qiziqtirish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joriy yilda Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat bo‘linmasi ko‘magida 100 ga yaqin Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari ochilishi ko‘zda tutilgan. 

Dilmurod TO‘XTAYeV.