Samarqanddagi klinika O‘zbekistondagi davlat tibbiyot muassasalari orasida birinchi bo‘lib ISO sertifikati bilan taqdirlandi

Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-klinikasi, ya’ni ko‘p tarmoqli ixtisoslashgan bolalar xirurgiyasi markazida shu munosabat bilan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Janubiy Koreyaning Xalqaro G Certi sertifikatsiya tashkiloti vakillari markaz rahbari, Jamshid Shamsiyevga ISO sertifikatini tantanali tarzda topshirdi.
Xo‘sh, Markaziy Osiyoda shu yo‘nalishdagi yagona klinika qaysi jihatlari bilan e’tiborga tushdi, xalqaro standartlarga qanday javob bermoqda?
- Avvalo, ushbu sertifikat davlat tibbiyot muassasalari ichida ilk bor shu klinikaga berilmoqda, - deydi Xalqaro G Certi sertifikatsiya tashkiloti eksperti Ixtiyor Istamov. – To‘g‘ri, shu paytgacha O‘zbekistondagi o‘nga yaqin xususiy klinika ushbu sertifikatga ega bo‘lgan. Ammo bunchalik ko‘p xodimlari va katta hajmdagi ishlarni qamrab olgan kilinikalar ichida birinchisi - Samarqanddagi ko‘p tarmoqli ixtisoslashgan bolalar xirurgiyasi markazidir. Ushbu sertifikat klinikaga xalqaro e’tirof, xorij vakolatxonalarining ishonchini beradi.
Anjumanda klinikada keyingi yillarda olib borilgan ishlar xususida ham qisqacha ma’lumot berildi.
Ko‘p tarmoqli ixtisoslashgan bolalar xirurgiyasi markazi 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda kecha-kunduz bolalar xirurgiyasi bo‘yicha ixtisoslashgan xirurgik yordam ko‘rsatilib, bolalar xirurgiyasining barcha asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bo‘limlar tashkil etilgan.
O‘tgan 30 yil davomida markazda 150 mingdan ziyod operatsiyalar o‘tkazilgan. Xususan, bolalarda ko‘p uchraydigan tug‘ma nuqsonlar va orttirilgan kasalliklar: ya’ni, o‘pka, yurak, jigar, siydik-tanosil tizimi a’zolarida miniinvaziv va yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalar bajarilib kelinmoqda.
Bugungi kunga qadar klinika mutaxassislari tomonidan Samarqandda joylashgan mehribonlik uylaridagi 3229 nafar bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 144 nafarida aniqlangan turli xil kasalliklar davolangan. Klinikada 2017 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida o‘tkazilgan endoxirurgik operatsiyalar dinamikada o‘sib borayotganligi kuzatiladi. Klinika faoliyati davomida ko‘plab mamlakatlar bilan xalqaro hamkorlik o‘rnatmoqda. Klinika shifokorlaridan 30 nafari Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar uyushmasi a’zosi hisoblanadi.
Gulruh Mo‘minova.