Samarqanddagi koronavirusga chalingan homilador va yosh bolali bemorlar davolanayotgan muassasa 5 fevraldan yopiladi

Bu haqda Samarqand viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berish maqsadida o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozov ma’lum qildi.

– Bugungi kunda viloyatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash uchun 440 o‘rinli ikkita davolash-profilaktika muassasasidan foydalanilmoqda, – dedi D.Jumaniyozov. – Ushbu shifoxonalarda hozirda 121 nafar bemor davolanmoqda. Keyingi kunlarda kasallik biroz kamaydi. Infeksiya aniqlangan bemorlarning asosiy qismi kasallik yengil formada o‘tayotgani sababli uy sharoitida dori-darmon qabul qilib, sog‘lig‘ini tiklamoqda. O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, kovid yuqtirgan homilador va yosh bolali ayollarni Samarqand shahridagi 3-tug‘ruq majmuasida davolash yo‘lga qo‘yildi. Shu kecha-kunduzda bu yerda ham kasallar kamaydi. Shu sababli 5 fevraldan e’tiboran, tug‘ruq majmuasida tashkil etilgan maxsus shifoxona faoliyati to‘xtatiladi. Koronavirusga chalingan bemorlar Samarqand shahar "Vatanparvar" mahallasidagi maxsus shifoxonada davolanadilar.