Samarqanddagi maktab qozonxonasida bir kishining o‘limiga sabab chaqnash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

2021 yilning 2 yanvar kuni taxminan soat 00:20 da Samarqand shahridagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi qozonxonasining isitish tizimida chaqnash sodir bo‘lgan.

Chaqnash oqibatida maktabning qozonxona nazoratchisi, 50 yoshli H. tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand viloyat bo‘limiga yotqizilgan.

Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, bemor shifoxonada vafot etgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hodisa yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.