Samarqanddagi OTMlarda “Davlat fuqarolik xizmatiga kirish” mavzusida ochiq muloqotlar tashkil etildi

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tomonidan Samarqand shahrida joylashgan OTMlarining uch mingdan ziyod bitiruvchi talabalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Uchrashuvda filial hamda OTM mas’ullari ishtirok etdi. Unda bitiruvchi talabalarga davlat fuqarolik xizmatiga kirish tartibi, davlat fuqarolik xizmatida ishlashning ahamiyati, qobiliyatli yoshlarni davlat ishiga meritokratiya tamoyili asosida qabul qilish tizimi, yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumotlar berildi.

- Uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning davlat fuqarolik xizmatiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularga ishga kirishning ochiq tanlov tizimi haqida kengroq ma’lumot berish hamda salohiyatli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga jalb qilishdan iborat bo‘ldi, - deydi filial mutaxassisi R.Umarova.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti bitiruvchi-talabalari bilan tashkil etilgan uchrashuv samarali kechdi. Bugungi kunda universitetda 9 mingga yaqin talabaga 2 mingdan ziyod tajribali professor-o‘qituvchilar bilim bermoqda.  Bitiruvchi kurs talabalari yaqin kunlarda universitetda o‘rgangan bilim va kompetensiyalarini amaliyotda qo‘llash uchun davlat organlari va tashkilotlariga ishga joylashadi. Xo‘sh, bitiruvchilar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashish yuzasidan ma’lumotlarga egami?

Universitetning 300 dan ziyod bitiruvchi talabalari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ushbu savollarga javob berildi. Unda, shuningdek, davlat organlarida mavjud vakant lavozimlarning yagona ochiq portali https://vacancy.argos.uz platformasi va davlat fuqarolik xizmatida ishlashning ahamiyati tushuntirildi.