Samarqanddagi qurilish ishlari bilan shug‘ullanayotgan korxonada ishchilar uchun yetarli sharoitlar yaratilmaganligi aniqlandi
“Ishonch” gazetasida “Quruvchi manfaati kimning himoyasida” mavzusida maqola e’lon qilindi. Unda Samarqand shahrida qurilish ishlari bilan shug‘ullanayotgan “Malaxit Pulys” MChJda mehnat muhofazasiga rioya etilmayotgani, ishchilar maxsus kiyimlar bilan ta’minlanmagani va ular uchun munosib mehnat va yashash sharoiti yaratilmagani bayon etilgan.
Mazkur masala yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari o‘rganish olib bordi, deb xabar berdi Mehnat vazirligi matbuot kotibi.
O‘rganishlarga ko‘ra, korxonada texnika xavfsizligi mutaxassisi lavozimi mavjud emasligi, xodimlar jamoaviy va shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyim bilan ta’minlanmagani, xodimlar “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha xodimlarni o‘qitish va bilimlarini tekshirish to‘g‘risida”gi nizom bilan tanishtirilmagani hamda sug‘urta qilinmagani aniqlandi.
Mavjud kamchiliklarni 10 kun ichida tuzatish yuzasidan korxona rahbariga talabnoma kiritildi.
"Ko‘rsatmaning belgilangan muddatda bajarilmasligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi", deyilgan xabarda.