Samarqanddagi sirli shaharchaga sayohat
"Buyuk ipak yo‘li" xalqaro turizm markazi ochilganidan buyon bu shaharchani borib ko‘rish ishtiyoqidagi hamyurtlarimiz soni ko‘p. Poytaxtlik hamda samarqandlik ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Samarqand viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan press-tur shahar ichidagi mo‘’jaz shaharcha haqida aytilmagan ba’zi ma’lumotlarni olish imkonini berdi.
Markaz tabiiy ravishda ikki qismga ajratilgan - “Boqiy shahar” majmuasi hamda zamonaviy turizm markazi bir-biriga uyg‘un tarzda bunyod etilgan.
“95” qahvaxonasi, lavanda muzqaymog‘i, milliy brendlar
- “Boqiy shahar” majmuasidagi har bir bino o‘ziga xos uslub, dizaynda qurilgan, - deydi majmuaning art rahbari Yelena Popova. – Har bir g‘isht qo‘l mehnati bilan tayyorlangan. Qolaversa, majmuadagi binolar bir-birini takrorlamagan, barchasi malakali mutaxassislarning g‘oyalari asosida bunyod etilgan. Bu maskanda mamlakatimizning bir necha viloyatlari nomidagi ko‘chalar va ularda shu viloyatga xos hunarmandchilik ustaxonalari mavjud. Shuningdek, bugungi zamonaviy u yoki bu shaharning “tashrif qog‘ozi”ga aylangan ishlab chiqarish mahsulotlarini namoyish etish ham ko‘zda tutilgan. Misol uchun, Farg‘ona ko‘chasida Rishton kulolchiligi, voha kashtado‘zlari ish boshlashi barobarida lavanda muzqaymoqlarini ham tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Boqiy shaharga kirishingiz bilan sizni “95” choyxonasi qarshi oladi. U ham ramziy ma’noda, xalqimizning azaliy an’anasi - “95” choyisiz biror bir kengash o‘tkazilmasligi ramzidir. Sirli shaharchani aylanarkansiz, u yerda qoraqalpoq o‘tovlarini, o‘zbek hovlilarining ko‘rkiga aylangan vayishlaru, supalar, hammasi uyg‘un tarzda joylashtirilganiga guvoh bo‘lasiz. Ba’zi ko‘chalardagi adras peshayvonlar shaharchaga o‘ziga xos ko‘rk berib turibdi.
Umuman, tor va keng ko‘chalardagi fonuslardan tortib, o‘tirgichlar, bedanalaru, ustunli ayvonlar – hammasi yangi uslubda, ammo milliyligimiz saqlanib qolgan holda yasalib, joylashtirilgan.
Ushbu ko‘chalarning barchasi markazda joylashgan "Chorsu bozori" bilan tutashib ketadi.
Samarqandlik Hamida Inoyatova milliy libos dizayneri sifatida nom qozongan. Uning ustaxonasida qadim so‘g‘d ayollarining liboslaridan tortib, Amir Temur davri saroy a’yonlari kiyimlarigacha mavjud. Shuningdek, zamonaviy milliy liboslar nozik didli sayyohning ham hayratiga sabab bo‘lishi tabiiy.
13 tonnali “Quyosh”, noyob asarlar nusxalari
Markazning zamonaviy qismida - eshkak eshish kanali atrofida 1200 ga yaqin xonaga ega sakkizta xalqaro darajadagi mehmonxona qad rostlagan. Ulardan biri "Samarkand Regency Amir Temur" Markaziy Osiyodagi birinchi besh yulduzli mehmonxona bo‘lib, jahonning yetakchi mehmonxonalari assotsiatsiyasi - “The Leading Hotels of the World” reytingiga kiradi.
Turistik markazda nafaqat sayyohlarni, balki ishbilarmon mehmonlarni ham qabul qilish rejalashtirgan. Kongress markazida 3500 ishtirokchiga mo‘ljallangan 13 ta konferensiya zali mavjud.
- Taniqli olimlar, tarixchilar va mutaxassislarning hamkorlikdagi faoliyati natijasida Kongress markazi binosida O‘zbekiston tarixiy merosi ekspozitsiyasi tashkil etildi, - deydi san’atshunos Shuhrat Abdullayev. – Unda yurtimizdagi davlatchilik tarixini qisqa, lo‘nda tarzda namoyish etilishiga harakat qildik. Shuningdek, "Kitob fi hisob al-hind", "Kitob al-jabr va al-muqobala", "Al-Qonun fi-t-tibb", "Al-jome as-sahih", "Xamsa", "Zij" va "Boburnoma" singari buyuk asarlarning faksimil nusxalari ko‘rgazmada namoyish etilgan.
Bugun ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lgan "Quyosh" nomli kinetik installyasiya ham aynan shu binoda joylashgan. Biz uning ijodkori bilan suhbatlashishga muyassar bo‘ldik.
- Mazkur installyasiyani yaratish uchun 5 oy muddat kifoya qildi, - deydi asli samarqandlik, ammo bugungi kunda Buyuk Britaniyada ijod qiluvchi haykaltarosh Yunus Safardiyor. – Og‘irligi 13 tonna, radiusi 7 metrni tashkil etuvchi, bronzadan yasalgan mazkur qurilma o‘zida Sharq falsafasini namoyon etgan. Unda imkon boricha mamlakatda mavjud shaharlar elementlarini ko‘rsatishga harakat qilganmiz.
“Quyosh”ni tomosha qilarkansiz, garchi nomi quyosh bo‘lsa-da, go‘yo o‘z o‘qi atrofida aylanib turgan yer va ilm ziyosi bilan butun olamni yoritib turgan bilimni tomosha qilganday bo‘lasiz. Umuman, ushbu falsafiy majmuadan har bir inson o‘z dunyoqarashi bilan mazmun va zavq olishi mumkin.
Mazkur markazga kelib, bu yerdagi nabotot dunyosi haqida yozmaslik mumkin emas. Garchi daraxtlar hali nihol bo‘lsa-da, bu yerdagi gulu daraxtlar ulkan, 260 gektardan ortiq maydonga o‘zgacha joziba va ko‘rk berib turibdi.
Majmua hududining uchdan ikki qismida Germaniya, Belgiya, Italiya va Niderlandiyadan keltirilgan 50 mingdan ortiq atirgul, 30 ming tup daraxt va yuz minglab butalar ekilgan. Shuningdek, o‘n ming tup olma, uzum, anor, tutning eng yaxshi navlari, olxo‘ri, shaftoli va o‘rik daraxtlari parvarishlanmoqda.
Gulruh Mo‘minova.