Samarqanddagi sug‘oriladigan yerlarning boniteti o‘rtacha 10 ballga kamaygan, 48 foizga yaqini sug‘orish eroziyasiga uchragan

Samarqand viloyatida sug‘oriladigan yerlarda gumus miqdori keyingi 50-60 yilda o‘rtacha 50 foizdan kamayib ketdi. Bu haroratning ortishi, asosiy sug‘oriladigan maydonlarda qator orasiga ishlov beriladigan ekinlar salmog‘ining ko‘pligi, organik o‘g‘itlarning qoniqarsiz darajada berilishi, har yili vegetatsiya oxirida o‘simlik biomassasi bilan birga tuproqdan ozuqa moddalarning olib chiqib ketilishi, sug‘orish eroziyasi va sho‘rlanish jarayonlaridir. Yuqorida qayd etilgan holatlar tufayli tuproqning fizikaviy (suv, issiqlik, havo) kimyoviy, biologik, agrokimyoviy xossalari yomonlashib unumdorligi pasayib bormoqda.
Dunyo miqyosida dehqonchilikda foydalaniladigan yerlarning 9 foiz qismi sug‘oriladigan yerlarga to‘g‘ri keladi. Shuni ta’kidlash lozimki, dunyo bo‘yicha qishloq xo‘jaligida ishlab chiqariladigan mahsulotning 65 foizini sug‘oriladigan yerlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hozirda viloyatdagi sug‘oriladigan yerlarning bonitet ballari o‘rtacha 10 ballga kamaygan. Qishloq xo‘jalik ekinlari ekiladigan maydonlarning 48 foizga yaqini sug‘orish eroziyasiga uchragan. Bu bilan viloyat bo‘yicha har yili 32-35 ming tonna paxta hosili yo‘qotilmoqda.
Dehqonchilikdagi yana bir muhim muammolardan biri viloyatning tuproq-iqlim sharoitiga mos almashlab ekish joriy etilmaganligidir. Almashlab ekish dehqonchilikning asosiy qonuni bo‘lib, unga ota-bobolarimiz amal qilib kelgan. Tomorqa, dehqon-fermer va fermer xo‘jaliklarida bu qonunga amal qilish dehqonchilikda yaxshi natijalar beradi.
Tuproq unumdorligini saqlashda g‘alla o‘rilgan maydonlardagi somonni yoqish eng noxush holatlardan biri. Kuzgi g‘alla ekinlari qoldig‘ini yoqish natijasida tuproq harorati keskin oshib ketadi va natijada tuproqdagi organik moddalarning oksidlanishi tufayli gumusning katta qismi minerallashadi.
Bug‘doy somoni va ildizlari bilan birga yoqilganda atmosferaga uglekislota, azot oksidlari, tutun va kul moddalari qo‘shilib, “issiqxona effekti”ni hosil qiladi. Olimlarning hisoblashicha, 1000 gektar yerdagi kuzgi g‘alla poyasi va ildizlari yoqilganda, atmosferaga 500 kilogramm azot oksidi, 370 kilogramm uglevodlar, 3 tonna ko‘l moddasi va 20 tonna karbonat angidrid ajralib chiqadi. Bular havoni ifloslab, inson salomatligiga zarar yetkazishi bilan birga, global isish jarayonini tezlashtirib, atmosferadagi azon qatlamining yemirilishiga olib keladi.
Kuzgi bug‘doy hosildorligi gektariga 25-30 sentner bo‘lganda, poya va ildizlari yoqilsa, har bir gektar yerdan 1,5 tonna gumus parchalanib, uning tarkibidagi o‘simlik uchun asosiy ozuqa hisoblangan 75 kilogramm azot yo‘qotiladi. Yo‘qotilgan 1,5 tonna gumusni tiklash uchun gektariga 15 tonna yarim chirigan go‘ng kerak bo‘ladi. Shuni ta’kidlash kerakki, ozuqa moddalar miqdoriga ko‘ra, 1 tonna bug‘doy poyasi 3-4 tonna go‘ng to‘g‘ri keladi. Demak, 3 tonna somon yoqilsa, 9-10 tonna go‘ng yo‘qotilganday bo‘ladi.
Viloyatda kuzgi bug‘doy hosili yig‘ishtirib olingandan so‘ng vegetatsiya davri 90-100 kunlik ekinlarni ekish uchun qulay davr hisoblanadi. Bu holat kuzgi bug‘doydan bo‘shagan yerlarga takroriy, oraliq ekinlarni ekib, ikkinchi va hatto uchinchi hosil olish imkonini beradi. Dehqonlarimiz azaldan bunday yerlarga takroriy, ang‘iz don ekinlaridan tariq, qo‘noq, mosh, oq jo‘xori, makkajo‘xori, loviya, marjumak kabi ekinlarni ekib kelgan.
Zarafshon vohasida arpa, bug‘doy hosili yetishtirilgandan keyin kuzgi sovuqlargacha bo‘lgan davrda FAR (fotosintetik aktiv radiatsiya) yig‘indisi 13,0-17,1 million MDJga teng bo‘lib, u Quyosh energiyasi takroriy ekinlar ekilmaganda foydalanmasdan bekorga sarf bo‘lib ketadi.
Shunday qilib, dukkakli oraliq ekinlar ikki ekin oralig‘ida bo‘sh qoladigan vaqtda yerni band qiladi va bir yilda uch marta hosil olish imkonini beradi. Bundan tashqari, dukkakli ekinlar har bir gektar yerda 60-80 kilogramm sof biologik azot to‘playdi. Mineral azotli o‘g‘itning foydalilik darajasini hisobga olsak, bu qariyb gektariga 200 kilogramm mineral azotga teng keladi. Agar bu biologik o‘g‘it miqdori gektariga 15-20 tonna go‘ngga to‘g‘ri keladi.
Shodiqul XOLIQULOV,
Samarqand davlat universiteti tuproqshunoslik va agrotexnologiyalar kafedrasi mudiri, professor.