Samarqanddagi “teskari piramida” shaklidagi “g‘aroyib” bino buzilishi mumkin
Kecha, 27 may kuni Qurilish vazirligi mazkur binoning buzilishi haqda ma’lum qildi.
Ushbu bino Samarqand tumani «Joyi soy» mahallasida joylashgan bo‘lib, fuqaro o‘z uyining bir qismini buzib, o‘rnidan 21,4x12,6 metr o‘lchamdagi 11 qavatli, 2 qavat yerto‘lali mehmonxona qurgan.
Vazirlik xabariga ko‘ra, bino qurilishga ruxsat beruvchi shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmasdan amalga oshirilgan. Shuningdek, bino belgilangan tartibda shaharsozlik kengashidan o‘tmagan. Qurilishga ruxsat beruvchi Samarqand tumani hokimining qarori yoki tuman qurilish bo‘limining ruxsatnomasi, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i mavjud emas. Qurilish davomida hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan bir necha bor qurilishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan bo‘lsa-da, uni o‘zboshimchalik bilan davom ettirilgan.
«O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ va hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan 2022 yil 6 may kuni binoning seysmik holati o‘rganib chiqilib, «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJning xulosasiga asosan binoning KMK, ShNK talablariga javob bermasligi va kolonnalarning ayrim joylari darz ketgani o‘z tasdig‘ini topgan hamda binoni buzish bo‘yicha xulosa berilgan.