Samarqanddagi yangi turizm ob’yektlari va ularning imkoniyatlari haqida bilasizmi?
Viloyat turizm boshqarmasi tomonidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida Samarqand shahri va tumanidagi yangi turizm ob’yektlariga info-tur tashkil etildi.
Dastlab 2023 yil 16-20 oktyabr kunlari Samarqandda o‘tkazilgan BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Samarqandda tashkil etilgan Xalqaro turizm akademiyasi faoliyati bilan tanishildi.
Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi faoliyat boshlaydi
Akademiya direktori vazifasini bajaruvchi Akmaljon Odilovning ma’lum qilishicha, Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) bilan hamkorlikda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzurida tashkil etilgan ushbu xalqaro akademiya joriy yilning oktyabr oyida faoliyat boshlaydi.
– Dastlab qayta tayyorlash kursini tashkil etib, 20 nafar turizm yo‘nalishida dars berayotgan o‘qituvchining malakasini oshiramiz, - deydi A.Odilov. - Buning uchun Butunjahon turizm tashkilotidan mutaxassislar jalb qilinib, amaliy va nazariy darslar tashkil etiladi. 2024 yilning yanvar oyidan ushbu tashkilot hamkorligida yana 200 nafar yosh turizm sohasi vakillari bir oydan bir yilgacha qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi. 2025-2026 yildan boshlab esa akademiyada davlat buyurtmasi asosida bakalavr va magistratura yo‘nalishlarida o‘qish mumkin bo‘ladi. Darslar xalqaro TOP darajadagi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamkorligida qo‘shma ta’lim shaklida olib boriladi.
Akademiya binosi Samarqand shahridagi Bobur Mirzo ko‘chasida joylashgan bo‘lib, muassasa bitiruvchisiga hamkor ta’lim muassasalari tomonidan tan olingan sertifikat beriladi. Har bir modulni tugatgandan so‘ng, talabalar xususiy sektor hamkor kompaniyalarida amaliyot o‘tash orqali amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘zbekiston akademiyaga o‘quv dasturlarini mahalliy sharoitga ko‘paytirish va moslashtirish, o‘qituvchilarga trening o‘tish, ularning malakasini oshirish dasturlari orqali mentorlar tayyorlashga ko‘maklashish, loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarda ko‘maklashadi. Talabalarni ishga joylashtirish, dasturlarni takomillashtirish va moslashtirish, dasturlarni targ‘ib qilish va boshqalarda yordam beradi.
Orol dengizi muammolari dunyo rassomlari nigohida
Samarqanddagi «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi Art-Rezidensiyasidamiz. Bu yerda hozirda “Orol dengizi” va “Zamonaviy tasavvur” nomli ko‘rgazmalar tashkil etilyapti. San’atshunos Ulug‘bek Salomovning aytishicha, 10 dan ortiq davlat rassomlari Samarqandga taklif etilgan va Orol dengizi muammolariga bag‘ishlangan ko‘rgazma doirasida Qoraqalpog‘istonga safar uyushtirilib, asarlar yaratilgan. Tasviriy san’at ustalari tomonidan yig‘ilgan kolleksiya va o‘ziga xos rasmlar Art-Rezidensiyasiga sovg‘a qilingan. Misol uchun, latviyalik ayol Orol dengizi atrofida yashayotgan aholining turmush tarzini kuzatib, saksovul, supurgi va tuzni olib kelgan. Ya’ni, odatda o‘zbek xonadonlarida odamlar erta tongda hovlisini, ko‘chalarini supursa, Orol dengizi atrofida yashovchilar har kuni tuzdan shunday tozalaydi. Bularning barchasini dunyoning eng mashhur rassomlari suratlarida aks ettirgan.
“Bog‘ibaland” mahallasining turizm imkoniyatlari kengaymoqda
Samarqand shahridagi Bog‘ibaland mahallasi o‘tgan yil mamlakatimizda ilk turistik mahalla maqomini oldi va bog‘ hududida 20 ga yaqin dam olish maskani, milliy uslubdagi degustatsiya uchun joylar tashkil etildi. Bog‘ibaland Sohibqiron Amir Temur asos solgan va bugungacha saqlanib qolgan mashhur 12 bog‘dan biri. U eski Ko‘hak, hozirgi Cho‘ponota tepaligining yon bag‘rida, shaharning shimoliy qismida, Zarafshon daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan. “Boburnoma”da mazkur hududda Amir Temurning suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Og‘abegimga atab “Bog‘ibaland” bog‘i barpo etilgani va unda to‘kin anjirzorlar borligi yozilgan. Hozir ham bog‘ning saqlanib qolingan qismi go‘zal tabiati, musaffo havosi, shirin anjir-yu uzum, olmalari bilan mashhur. Shuning uchun ham bu yerga mahalliy va xorijlik sayyohlar ko‘p keladi.
- Mahallamizda 4885 nafar aholi yashaydi, - deydi Bog‘ibaland mahallasi hokim yordamchisi Akmal Ismoilov. – Drayverimiz savdo va xizmat ko‘rsatishga asoslangan bo‘lib, mahallaga turizm mahallasi maqomining berilishi imkoniyatlarimizni yanada kengaytirdi. Hududda piyoda, velosiped, elektromobil, velomobil, otda sayr qilish uchun sharoit yaratildi, mehmonlarning qulay harakatlanishi uchun yo‘l ko‘rsatkichlari, stella va bog‘ xaritasi o‘rnatildi. Mahallaning barcha uchun qulay joyida turizm axborot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, zaruriy ma’lumotlar joylashtirildi. Shuningdek, mahalladagi 40 gektar anjizor to‘rtta fermer xo‘jaligiga biriktirilgan bo‘lib, undan 75 ta oila foydalanmoqda. Anjir daraxtlarini ekish, yetishtirish, hosilni yig‘ish jarayoni bilan sayyohlarni tanishtirish va ushbu jarayonlarda tashrif buyuruvchilarning o‘zlari ham ishtirok etishlari va degustatsiyani tashkil etishga sharoit yaratilgan.
Sohibqiron bobomiz barpo etgan anjirzordan qanday foydalanilyapti?
Anjir juda tez buziladigan meva va pishgandan keyin ko‘pi bilan 8-10 soat turishi mumkin. Boshqa mevalar kabi sovutkichda ham saqlab bo‘lmaydi. Shu bois anjirni eksport qilish qiyin. Xo‘sh, Amir Temurning Bog‘ibaland bog‘ida mahalla aholisi tomonidan yetishtirilayotgan anjirlar qayerga, qanday sotilyapti?
- Sohibqiron Amir Temur bobomiz Ispaniyaga yurishi davomida Samarqandga anjir urug‘larini olib kelgani haqida ota-bobolarimizdan ko‘p eshitganmiz, - deydi Hoji bobo Majidov. - Anjir urug‘lari bobomiz barpo etgan yettita bog‘da ekiladi, lekin faqat Bog‘ibaland mahallasida anjir unib chiqadi. Chunki shimoldan Zarafshon daryosining namligi, g‘arbdan Cho‘ponota tepaligining issiqligi anjir yetishtirish uchun mos iqlim. 40 gektar bog‘ning har gektarida 100 tupdan anjir bo‘lib, uni yetishtirish avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Bog‘ning 10 gektari bizga ajratilgan va hozir to‘rtinchi avlodimiz shu bog‘da mehnat qilib kelmoqda. Sariq anjir Bog‘ibaland brendi hisoblanadi va yiliga ikki marta hosil beradi. Birinchi hosilni bahor oylarida eski novdadan olyapmiz. Ikkinchi hosil yangi novdadan avgust oyida olishni boshladik va jarayon oktyabrgacha davom etadi. Anjirlarning kilosini 25-30 ming so‘mdan hamda erta pishganlarini murabbo, shinni qilib va quritib viloyatimiz va shu hududga yaqin mahalliy bozorlarga sotyapmiz.
“Konigil-2” loyihasi ishga tushiriladi
2020 yilda Samarqand shahrida ilk turizm qishlog‘i Konigil tashkil etilgan edi. Mana, oradan besh yil o‘tib, Konigil qishlog‘ini kengaytirish ishlari boshlandi va loyihaning ikkkinchi bosqichida yangi sayyohlik yo‘nalishi ochilishi, mehmon uylari hamda hunarmandchilik markazlari bunyod etilishi ko‘zda tutilgan.
- Loyihaning umumiy qiymati 45 milliard so‘m bo‘lib, 22 gektar hududni tashkil qiladi, - deydi viloyat turizm boshqarmasi mas’ul xodimi Dilshod Sa’dullayev. - Maskanda 72 ta lotlar orqali mehmonxonalar, uy mehmonxonalari, savdo rastalari, hunarmandchilik ustaxonalari, milliy uslubdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, dam olish maskanlari, uzunligi 2,5 kilometr bo‘lgan velo hamda 3,5 kilometr piyodalar yo‘laklari quriladi. Viloyat hokimining taklifiga ko‘ra, bir guruh tadbirkorlar hamkorligida hozirga qadar Samarqand shahridan oqib o‘tuvchi Obi Rahmat, Siyob ariqlarining atrofini tozalash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Obi Rahmat, Xo‘ja Doniyor mahallasi aholisi, shuningdek, «SFX» qurilish korxonasining 100 ga yaqin ishchilari Xo‘ja Doniyor majmuasidan akademik Vohid Abdullayev ko‘chasigacha bo‘lgan 2 kilometrlik hududni tozalab, ariqning ikki tomonidan 4 metrlik velo va piyodalar yo‘laklari qurish ishlarini yakunladi. Majmua atrofidagi 400 metrlik devor-to‘siq olib tashlandi. 185 dona tungi yoritish chiroqlari va 80 dan ziyod o‘rindiqlar o‘rnatilib, “Siyobcha” kanalining 11 kilometr qismi obodonlashtirildi.
“Lavanda farm” botanika bog‘iga aylantiriladi
Samarqandlik Server Osmonov 2017 yilda shahar markazidan 4 kilometr uzoqlikda “Lavanda farm” bog‘ini tashkil qilgan. U bir gektar maydonda lavanda o‘simligini o‘stirmoqda. Bog‘da mahalliy va xorijlik sayyohlar Fransiyaning Provans atmosferasiga sho‘ng‘ish uchun kelishadi.
- Hozirda bu yerda ekskursiyalar, gulchilik bo‘yicha mahorat darslari, fotosessiyalar, pikniklar va oilaviy bayramlar o‘tkazilmoqda, - deydi “Lavanda farm” bog‘i ish yurituvchisi Noilya Bagautdinova. - Biz lavandadan guldastalarni yig‘amiz, quritilgan gullar, xushbo‘y yostiqlar va lavanda choyi qoplarini tayyorlaymiz va bu yerga kelgan sayyohlarga shifobaxsh, tinchlantiruvchi xususiyatlarga ega mahsulotlarni, turli dorivor o‘simliklarni sotamiz. Kelajakda mahsulotlarimizni xorijga ham sotishni va bu joyni 100 dan ortiq o‘simlik turlariga ega bo‘lgan botanika bog‘iga aylantirishni reja qilganmiz.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.