Samarqanddan 187 ming kishi ishlash uchun xorij davlatlariga ketgan

Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Umuman, bugungi kunda viloyatimizdan 196 580 nafar fuqaro xorijiy davlatlarda ishlash, o‘qish va tadbirkorlik qilish uchun chiqib ketgan. Shundan Rossiya davlatiga 132 021 nafar, Qozog‘istonga 19 996 nafar, Turkiyaga 19 742 nafar, AQShga 5 932 nafar, Janubiy Koreyaga 3 834 nafar fuqaro ketgan. Qolgan fuqarolar Tojikiston, BAA va boshqa davlatlarda ishlash uchun borgan.
Viloyatimizdan chiqib ketgan fuqarolarning 187 091 nafari ishlash uchun ketgan bo‘lsa, 1 314 nafari o‘qishga, 8 093 nafari boshqa maqsadlarda ketgan, - dedi viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Najmiddin Sulaymonov. – Xorijga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni kasbga va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha viloyatda bitta “Ishga marhamat” monomarkazi, 5 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari va 84 ta mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etilgan.
Xorijga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lgan 1,6 ming nafar fuqaro mazkur o‘quv muassasalarida joriy yilning yanvar-aprel oylarida kasbga va chet tillariga o‘qitildi. Shundan 1543 nafari 20 dan ortiq turdagi kasblarga va 106 nafari rus, yapon va boshqa chet tillarga o‘qitildi.
Yil yakuniga qadar viloyatda 5,2 ming nafar xorijga chiqib ketayotgan shaxslarni kasbga va chet tillariga o‘qitish rejalashtirilgan.
O‘quv jarayonini yakunlagan 95 nafar fuqaroga xalqaro tan olinadigan “World Skills”, RXDU (RUDN) va yapon tili bo‘yicha sertifikatlar berildi.
X.Ernazarova.