Samarqanddan 7,5 ming kishi Afg‘onistondagi urushda ishtirok etgan
Bugun Afg‘onistonda harbiy harakatlar tugatilib, harbiy qismlarni ushbu mamlakatdan olib chiqilganiga 34 yil hamda O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi tashkil etilganiga 30 yil to‘ldi.
Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Xotira maydonida harbiylar, faxriy jangchilar, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi.
Yig‘ilganlar ishtirokida "Motamsaro ona" haykali poyiga gul qo‘yilib, bugungi tinch va osuda kunlar uchun jonini fido qilganlar xotirasi yodga olindi.
- Samarqanddan 7,5 ming kishi Afg‘onistondagi urushda ishtirok etgan bo‘lib, 165 nafari halok bo‘lgan, 3 nafari bedarak yo‘qolgan, - deydi Xalil Ibragimov. - Bugungi kunda viloyatda 6200 nafardan ortiq Afg‘on urushi ishtirokchisi bor. Xudoga shukr bugun yurtimiz tinch. Urushda halok bo‘lgan baynalmilalchi jangchilar xotirasi abadiylashtirilmoqda, biz kabi faxriy jangchilarga e’tibor ko‘rsatilyapti.
Tadbir davomida faxriy jangchilar Samarqand shahrining diqqatga sazovor maskanlariga sayohat qildi va bayram dasturxoni yozildi.
Bunday tadbirlar viloyatning barcha tumanlarda tashkil etilmoqda.