Samarqanddan Abu Dabiga aviareyslar soni ko‘paytirilishi kutilmoqda
Mazkur masala Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti — Abu Dabi madaniyat va turizm departamenti bosh direktori va viloyat hokimi o‘rtasida o‘tgan uchrashuvda muhokama qilingan.
Hokimlik axborot xizmatiga ko‘ra, bugun Erkinjon Turdimov Abu Dabi madaniyat va turizm Departamenti bosh direktori Salih Muhammad Saleh al-Gazeri boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan. Muloqotda asosan turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, Abu Dabi va Samarqand o‘rtasida havo qatnovlarini ko‘paytirish muhokama qilingan. Samarqandning turistik salohiyati va taqdim etilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida so‘z yuritilgan.
“Delegatsiya rahbari mamlakatimizda turistik sohani rivojlantirish uchun ulkan salohiyat va barcha shart-sharoitlar mavjudligi va bundan unumli foydalangan holda hamkorlikda ish olib borishni maqsad qilganligini qayd etib o‘tdi. Yakunda ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib borishga kelishildi”, deyiladi hokimlik xabarida.