Samarqanddan "yo‘lga chiqqan" geroin manziliga yetib bormadi

Davlat xavfsizligi xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlardan birida 1967 yilda tug‘ilgan, Urgut tumani Chep mahallasida yashovchi A.D., 1982 yilda tug‘ilgan, tumanning Vatkan-Qo‘zibek mahallasida yashovchi Sh.X.lar jinoiy til biriktirib, “ajal og‘usi” oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlandi.

Viloyat huquq-tartibot idoralari xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar A.D., Z.F. hamda Sh.X.lar harakatlanib ketayotgan avtomashinada 248,33 gramm miqdorda “geroin” giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan va xolislar ishtirokida rasmiylashtirilgan. 

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari fuqaro A.D.ga tegishli bo‘lib, uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yashovchi fuqaroga yetkazib berishni rejalashtirgan.

Mazkur holat bo‘yicha Sh.X. va A.D.larga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.