Samarqandga 2025 yilda 3 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb etiladi

2024 yil viloyatimiz uchun iqtisodiy jihatdan samarali bo‘ldi. Qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, umuman,iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida o‘sish kuzatildi. Qolaversa, keyingi yillarda Samarqand yirik turizm markaziga aylanib bormoqda.

Bu, albatta, xorijiy investorlar e’tiborini tortmay qolmaydi. Shuningdek, nufuzli davlatlarga tashriflar, biznes-forumlar, xorijiy delegatsiyalarning yurtimizga tashrifi natijasida viloyatimizga jalb etilayotgan investitsiyalar miqdori yildan-yilga ortib bormoqda.

Birgina 2024 yilda viloyatda qariyb 1 milliard AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi va avvalgi yilga nisbatan 163 foizlik natijaga erishildi.

Xorij sarmoyasining salmoqli qismi (400,3 million dollar) Xitoy kompaniya va tadbirkorlari hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Rossiya (72,1 million), BAA (64 million) va Turkiya (63,8 million)dan ham avvalgi yillarga nisbatan ko‘p investitsiya kirib keldi.

Bunday ijobiy o‘sish yurtimizda investorlar uchun har tomonlama qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, tarmoqlararo hamkorlikni rag‘batlantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani va, eng muhimi, tizimli iqtisodiy islohotlar hamda liberalizatsiya siyosati samarasidir. Xorijiy investitsiyalarning ko‘payayotgani, o‘z navbatida, viloyatda infratuzilma yaxshilanishi, ishlab chiqarish salohiyati oshishi va yangi ish o‘rinlari yaratishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Fikrimizni aniq misollar bilan davom ettirsak. Jomboy tumanidagi “CCI SAMARKAND LIMITED” MChJ tomonidan umumiy qiymati 78,4 million dollar bo‘lgan “Coca-cola” ichimligi hamda salqin ichimliklar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilishi natijasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratilib, qo‘shimcha 15 million dollarlik eksportni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Samarqand shahridagi “Azia metall prof” korxonasi tomonidan po‘lat eritish va qora metall ishlab chiqarish hamda maishiy texnika va avtomashinalar uchun tunuka list tayyorlash loyihalari doirasida 161 million dollar xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi.

Avvalgi yillar tajribasi hamda viloyatimizning mavjud imkoniyat va salohiyatidan kelib chiqib, bu yil yana ham baland marra olganmiz. Ya’ni, 2025 yilda 3 milliard dollar xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Bu investitsiyalarning 1,4 milliard dollari manzilli shakllantirilgan loyihalar doirasida, 1,6 milliard dollari esa istiqbolli loyihalar doirasida o‘zlashtirilishi kutilmoqda. Demoqchimanki, bu raqamlarning asosi bor, shunga yarasha loyihalar tayyorlangan, xorijiy hamkorlar topilgan. Gap bu loyihalarni amalga oshirishda qolgan.

Birgina Xitoy davlatidan bu yil 1 milliard 78 million dollar sarmoya kiritilishi kutilmoqda. Shuningdek, Rossiya va Turkiya ham investitsiya bo‘yicha asosiy hamkorlarimiz qatorida turibdi. 

Misol uchun, bu yil Bulung‘ur tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yangi Osiyo Xalqaro Biofarmasevtika” xorijiy korxonasi negizida umumiy qiymati 100 million dollar bo‘lgan tibbiy biopreparatlar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi doirasida 50 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya kiritiladi. Past Darg‘om tumanidagi “Menem beton” qo‘shma korxonasida esa temir beton va beton bloklari ishlab chiqarish klasterini tashkil etish loyihasi doirasida 65 million chet el sarmoyasi o‘zlashtiriladi.

Viloyatning investitsiya salohiyatini yanada oshirish maqsadida yil davomida xorijiy davlatlarga biznes tashriflar amalga oshiriladi. Bu tashriflar davomida logistika, IT, innovatsion va yuqori texnologiyalar sohasida yangi kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan.

Oybek Hamroyev,

viloyat hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i.