Samarqandga Jakarta va Kuala Lumpurdan charter reyslar amalga oshiriladi

Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “International Travel Bazaar 2023” Samarqand turizm forumida viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov bu haqda ma’lum qildi.

  – O‘zbekistonning ziyorat turizmi uchun Indoneziya va Malayziya eng katta bozor, – dedi R.Qobilov. – Ushbu davlatlarda buyuk muhaddis Imom Buxoriy yodgorligini va boshqa muqaddas qadamjolarimizni ziyorat qilish istagida bo‘lgan millionlab insonlar bor. Birgina Indoneziyadan har yili 221 ming nafar fuqaro Haj ziyoratiga, 1 million nafari Umraga boradi. Ushbu safar oldidan ular Islom olamidagi boshqa tabarruk joylarni ziyorat qilishadi. Hozirda ularning bu boradagi asosiy tanlovi Turkiya hisoblanadi. Biz bu yil yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasidagi qurilish ishlarini yakunlab, sayyohlarni qabul qilishni boshlasak, shubhasiz, Indoneziya va Malayziyalik ziyoratchilarning katta qismi O‘zbekistonga keladi.

Biz yaqinda ushbu davlatlarda xizmat safarida bo‘lib, turizm, madaniyat va din sohalari vakillari bilan bu haqda fikrlashdik. “Kuala Lumpur – Samarqand – Jidda”, “Jakarta – Samarqand – Jidda” yo‘nalishlarida aviqatnovlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflarimizni bildirdik. Uch va besh kunlik turpaketlarimizni taqdim etdik. Ikkala davlat turizm sohasi mas’ullarini mart oyida Samarqandga taklif qildik. Ana shu tashrif chog‘ida ularga ziyorat turizmi ob’yektlarimizni, Navro‘z umumxalq bayrami sayllari, uloq-ko‘pkari va boshqa milliy an’ana va qadriyatlarimizni namoyish etmoqchimiz. Ramazon oyida esa ziyorat turizmi yo‘nalishadi ikki davlatdan ham charter reyslarni amalga oshiramiz. Bu keyinchalik muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yishimizga ham asos bo‘ladi.
  Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil Samarqandga 1,2 million nafar xorijlik sayyoh kelgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 1,5 millondan oshirish ko‘zda tutilgan.