Samarqandga kelgan xorijiy sayyohlar orasida afg‘onistonliklar yetakchi

Samarqand viloyatida 2020 yilning 15 dekabridan 2021 yilning 15 yanvariga qadar “Turizm oyligi” e’lon qilingani haqida xabar bergandik. Oylik doirasida sayyohlik xizmatlarida 50 foizgacha chegirmalar berilmoqda. Shuningdek, bir qator aksiyalar ham e’lon qilingan.

Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti xodimlari sayyohlar oqimini o‘rganish maqsadida Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Bibixonim masjidi va boshqa tarixiy obidalarni kuzatdi.

Ish kuni bo‘lishiga qaramay, turistik ob’yektlarda sayyohlar soni oshib borayotganligi qayd etildi. Sayyohlarning asosiy qismini Samarqand viloyatining qo‘shni tumanlaridan, shuningdek, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan kelgan mehmonlar tashkil etadi.

Shaharga xorijiy davlatlardan tashrif buyurayotgan sayyohlar soni ham oshib bormoqda. E-mehmon.uz ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyi boshidan buyon Afg‘onistondan 628 nafar, Turkiyadan 448 nafar, Rossiyadan 276 nafar va Qozog‘istondan 134 nafar sayyoh Samarqandda mehmon bo‘lgan.