Samarqandga olti oyda qancha sayyoh keldi?
Shu yilning yanvar-iyun oylarida viloyatga 2 million 546 ming nafar mahalliy va 1 million 106 ming nafar xorijiy sayyoh kelgan.
Yil oxirigacha 2,1 million nafar xorijiy va 4,5 million nafar mahalliy sayyoh jalb etilib, turizm xizmatlar eksportini 312 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Viloyat madaniyat va turizm boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, xorijlik sayyohlarning Samarqandda qolishi o‘rtacha 2,7 kunni tashkil etadi. Xorijlik har bir sayyoh bir kunda o‘rtacha 85 dollardan 250 dollargacha mablag‘ sarflamoqda.
Ayni paytda viloyatda sayyohlar uchun 15 ming 606 o‘rinli 570 ta joylashtirish vositalari (mehmonxonalar) xizmat ko‘rsatmoqda. 2023 yilda umumiy qiymati 5,9 trillion so‘mlik 180 loyiha ishga tushirilib, turizm va unga yo‘ldosh xizmatlar ko‘rsatish sohasida 5,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, 55 ta joylashtirish vositalari, 41 ta dam olish va ko‘ngilochar maskanlar, 45 ta umumiy ovqatlanish va 39 ta boshqa turizm loyihalari amalga oshiriladi.
2023-2024 yillarda turizmni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Unga ko‘ra, Samarqand turizm markazi imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda 50 dan ortiq xalqaro tadbirlar o‘tkaziladi. Imom Buxoriy va Ad-Doramiy ziyoratgohlarida olib borilayotgan qurilish ishlarini to‘liq yakunlab, foydalanishga topshirish orqali sayyohlar soni oshiriladi. Urgut, Payariq, Samarqand tumanlari mahallalarida turizm xizmatlari rivojlantiriladi.
“Muzeylar kvadrati”ni tashkil etish orqali boy madaniy merosimizni keng namoyish etish yo‘lga qo‘yiladi.