Samarqandga olti oyda qancha sayyoh keldi, yil oxirigacha turizm sohada qanday ishlar amalga oshiriladi?

Viloyatda 19 ming 730 o‘rinli 740 ta joylashtirish vositalari, jumladan, 12067 o‘rinli 184 ta mehmonxona, 3775 o‘rinli 421 ta oilaviy mehmon uyi, 3888 o‘rinli 135 ta xostel faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, 430 ta turkompaniya, 680 nafar gid-tarjimon, 144 ta turistik sinfga mansub avtobus va 150 ta mikroavtobus sayyohlar xizmatida.
Viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Suyunovning ma’lum qilishicha, viloyatga yanvar-iyun oylarida 1,5 million nafar xorijiy, 3 million nafar mahalliy sayyoh kelgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan xorijiy 326,1 ming nafar o‘sish 146 foizni, mahalliy 525,7 ming nafar o‘sish 182 foizni tashkil etgan.
Yil oxirigacha viloyatga 3 million nafar xorijiy va 5 million nafar mahalliy sayyoh jalb etilib, turizm xizmatlari eksportini 550 million AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, qiymati 2 trillion 63 milliard 290 million so‘mlik 30 ta loyiha, jumladan, 10 ta mehmonxona, 15 ta ovqatlanish va dam olish maskanlari, 3 ta savdo va ko‘ngilochar markazi, 2 ta sanatoriy va sog‘lomlashtirish markazi loyihalari ishga tushiriladi.
Samarqand xalqaro aeroporti yiliga 8,6 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lib, 2024 yilda 1 million 171 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Hozirda 1 kunda o‘rtacha 20 ta reys amalga oshirilmoqda. Yil oxiriga qadar 1,8 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish va yana 10 ta yangi xalqaro aviayo‘nalishlarni ochish rejalashtirilgan.
Avgust oyida ilk bor xalqaro “Samarqand oshi” festivali, sentyabr oyida Urgut tumanida bir hafta davomida xalqaro paraplan va noyabr oyida ot festivali, Past Darg‘om tumanida esa “Drif shou” o‘tkaziladi. Viloyatning turizm salohiyati, xususan, etno va tog‘ turizmi, islomiy me’morchiligi hamda gastronomik turizm salohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida 40 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning dunyoga mashhur OAV vakillari uchun Samarqand bo‘ylab info-turlar tashkil etish belgilangan.
20 dan ortiq xorijiy mamlakatlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan xalqaro turizm ko‘rgazma-yarmarkalarida viloyatning turistik taqdimoti o‘tkazilishi, viloyatdagi turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 14 ta qishloq va mahallaga “turizm qishlog‘i” maqomini berish ko‘zda tutilgan. Urgut, Jomboy, Qo‘shrabot tumanlarida yangi ekoturizm yo‘nalishlari turizm marshrutlariga kiritiladi.
Oktyabr-noyabr oylarida ilk bor Parijdan boshqa shaharda, ya’ni Samarqandda YuNESKO Bosh assambleyasining 43-sessiyasi o‘tkaziladi. Unda 198 davlat vakillari, soha mutaxassislari qatnashadi. Hozirda ushbu sammitga tayyorgarlik ko‘rish ishlari doirasida xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari, jumladan, gid-tarjimonlar, ekskursiya yetakchilari va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar malakasi oshirilmoqda.
Fazliddin Ro‘ziboyev.