"Samarqandim – jonu dilim"
Yaqinda hamkasbimiz "Samarqandim – jonu dilim" kitobini yozib tugatdi. Unda mustaqillik yillarida viloyatimizda ro‘y bergan o‘zgarishlar mohiyati ochib berilgan. Shuningdek, muallif teleradio jurnalistlarimizning mashaqqatli mehnati jarayonlari xususida so‘z yuritadi.
Kasb bayramimiz arafasida ushbu kitobdan parcha e’lon qilyapmiz.
NEMIS TEXNIKASI ShAROFATI
2003 yilda Samarqand viloyat televideniyesi "Simens" yangi uskunalari bilan jihozlash dasturiga kiritildi. Dasturni amalga oshiradigan "BFE Studio und Meditn Systeme GmH" qarorgohi va ishlab chiqarish korxonasi Germaniyaning Mayns shahrida joylashgan. Loyiha doirasida respublika televideniye tizimidan 6 kishi Mayns shahrida bo‘ldik. Qashqadaryo, Namangan va Samarqand viloyat teleradiokompaniyalari uchun mo‘ljallangan telestudiya uskunalarining tayyorlangani va ularni ishlatish jarayonlari bilan tanishdik. Biz uchun azaliy orzu bo‘lgan studiya jihozlarining taxtligini, ish sifatini ko‘rib, yaqin kunlarda O‘zbekistonga olib borilishini eshitib, benihoya quvondik. Yurtga qaytishimizdan ikki kun avval nemislar bizlarni Reyn daryosi bo‘ylab sayohatga taklif qilishdi. Reyn daryosi oqimi bo‘ylab bir kunlik safarimizdan lavhalar suratga oldik. Shaharning diqqatga sazovor joylarini tasvirga tushirdik. "BFE" korxonasi ish jarayonlaridan, shuningdek, Samarqand televideniyesi uchun hozirlangan uskunalar tayyor holga keltirilganligi, afzalligi va qulayliklarini ifodalovchi intervyular uyushtirdik. Shunday qilib, yangi kamerada ilk ko‘rsatuv Maynsdan tayyorlandi.
O‘zbekistonga kelgach, yangi tizimdagi lentadagi tasvirlarni O‘zbekiston televideniyesida "DVC PRO" rusumiga o‘tkazib, efirga qo‘ydik. Viloyat televideniyesi katta yangilanishlar oldida turganligidan xabar beruvchi bu ko‘rsatuv "Samarqand viloyat televideniyesi uchun maxsus Mayns shahridan tayyorlandi", degan so‘zlar bilan yakunlangan edi.
Viloyat teleradiokompaniyasi binosi sobiq qurilish tashkilotining binosiga joylashgan bo‘lib, qoniqarli holatda emasdi. Binoni yangi apparaturalar o‘rnatilishiga moslashtirish birmuncha katta mablag‘ va ishchi kuchini talab qilar edi. Bu muammo viloyat hokimining bevosita ko‘magi tufayli qisqa muddatda hal etildi.
Germaniyalik mutaxassislar kelib, qariyb bir oy deganda teleuskunalarni joy-joyiga qo‘yishdi. Shu tariqa Samarqand viloyat televideniyesi hali uncha-muncha davlatlar televideniyelari ega bo‘lmagan yangi, eng zamonaviy, umumiy qiymati 2 milliard so‘mlik (2003 yil holatida bu katta summa) uskunalarga ega bo‘ldi.
"OYNA" BILAN HAMKORLIK
2003 yil noyabr oyida Afg‘onistonga safarimiz Juzjon viloyatining "Oyna" televideniyesi bilan hamkorlik o‘rnatish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil qilingan edi. Viloyat teleradiokompaniyasining to‘rt kishilik guruhini Amudaryodan o‘tgach, Xayraton chegara postida Mozori Sharifdan tashrif buyurgan mezbonlar kutib olishdi. Dastlab biz Afg‘onistonning o‘tish davridagi Muvaqqat hukumati rahbari Hamid Karzayning Shimoliy Afg‘oniston bo‘yicha noibi, Afg‘oniston Milliy Islomiy harakati partiyasi yetakchisi, mamlakat mudofaa vaziri o‘rinbosari Abdurashid Do‘stumning Mozori Sharifdagi qarorgohiga bordik. Bu yerda biroz muddat turgach, sheriklarimiz bizni Shibirg‘on shahriga boshlashdi.
Shibirg‘onda "Oyna" televideniyesiga tashrif buyurdik. Shart-sharoitlar bilan tanishdik. Ko‘p o‘tmay afg‘onistonlik hamkasblarimiz "Qo‘mondoni sohib keldi", deyishdi. "Qo‘mondoni sohib", deb ular Abdurashid Do‘stumni aytishar ekan. Shundan so‘ng Do‘stumning o‘zi televideniye binosini, xonalarini, studiyani ko‘rsatdi, bino qurilishi tarixini gapirib berdi. Shunisi qiziqki, telestudiya yer ostida joylashgan edi. Buni "qo‘mondoni sohib" xavfsizlik nuqtai nazaridan qilingani bilan izohladi.
Xodimlarimiz afg‘onistonlik hamkasblarga amaliy yordam ko‘rsatdilar va O‘zbekiston, Samarqand haqidagi ko‘rsatuvlar, lirik qo‘shiqlarni tuhfa qildik. Ularning ayrimlari shu kunning o‘zida "Oyna" televideniyesi orqali efirga uzatildi.
2003 yil 23 noyabrda Shibirg‘on shahrida Juzjon viloyatining "Oyna" va Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatda tomonlarning o‘zaro axborot ayirboshlashi, axborot delegatsiyalarining safar dasturlarini tuzish, birgalikda film dasturlarini yaratish singari bir qator masalalar nazarda tutilgan edi.
Jurnalist Nodir Jo‘ramurodov Afg‘onistonga safarimiz haqida, Juzjon va Balx viloyatlari xalqi hayotiga doir tayyorlagan turkum ko‘rsatuvlar viloyat aholisi o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. Negaki, unda Afg‘onistonning shimolida istiqomat qiluvchi o‘zbeklarning yashash tarziga oid qiziq ma’lumotlar bilan birgalikda ota-bobolarimizdan meros do‘stlik, birodarlik, milliy qadriyat va mehr-muhabbatimiz aks etgan edi. "Oyna" televideniyesi dastur direktori Muhammadyusuf Ravnyor, jurnalist Abdulvohid Andxuyi, tasvirchi Barzu Rasex, rejissyor Abdulqayum Based 2004 yil 20-22 iyun kunlari Samarqandda bo‘lishdi. Mehmonlar Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi ish faoliyati bilan tanishdilar hamda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
TELEVIDENIYeNING "OLTIN HALQA"SI
Nonning maketini yasab, unga rang bersangiz, hech qachon asliga o‘xshatolmaysiz. Tandirdan uzilgan shirmoy nonlarni tasvirchilar qiziqish bilan lentaga olishadi. Nonlarga go‘yo noyob asarni tomosha qilishayotgandek suqlanib qarashadi. Bu Samarqandning ilohiy zamini, novvoylarining tandirga, bebaho ne’matimizga bergan mehr tafti natijasidir. Xuddi shu singari ijodga mehr taftini bergan jurnalistlarning zahmatli ishlari natijasida "Samarqand nonlari" deb nomlangan film-ko‘rsatuvi viloyat televideniyesi "tandir"idan chiqqan va respublika telekanallari orqali xalqimizga ulashilgan edi.
Samarqand viloyat televideniyesida bu kabi rang-barang, qiziqarli ko‘rsatuvlar ko‘p. "Zamon" informatsion dasturi (bu dastur hozirgi kunda "Diyor yangiliklari" deb nomlanmoqda), xotin-qizlar hayotidan hikoya qiluvchi "Samarqand sanamlari", "Samarqand oqshomi", keksalar haqidagi "Nuroniy", tojik tilidagi "Chashmi dil" ko‘rsatuvlarini shular qatorida sanash mumkin. Qariyb 15 yildan buyon efirga chiqib kelayotgan "Oltin halqa" ko‘rsatuvi esa alohida ta’kidga loyiq. Ko‘rsatuvning nomlanishida Samarqanddagi xalqlarning bir-biri bilan bog‘lab turgan do‘stlik, mehr-oqibat, sadoqat, hamjihatlik, bir maqsad yo‘lida sobitqadamlik bilan intilayotganliklariga ishora qilingan.
Hozir Samarqandda 14 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu markazlarning har biri to‘g‘risida "Oltin halqa"da ko‘rsatuvlar berilgan. Samarqandda ko‘pmillatli aholining hamjihatligini oshirishda, do‘stlik-birodarlik rishtalarining mustahkam bog‘lanishida mazkur ko‘rsatuvning ham o‘z o‘rni, ulushi borligi "Oltin halqa"ning eng katta yutug‘idir. Ko‘rsatuv boshlovchisi va muallifi jurnalist Dildora Boyniyozova shu baynalmilal dastur orqali samarqandliklar tiliga tushdi, hurmat-e’tibor topdi, mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
Shu o‘rinda jurnalistlar Dilmurod Do‘stmurodov, Toshpo‘lat Tugalov, Mirzo Ixtiyorov, tasvirchilar Ikrom Mamadaliyev, Ja’far Hasanov, rejissyor Alisher Rizayevlar mehnati samarasi sifatida yaratilgan "Afrosiyob", "Bibixonim", "Naqshinkor jilolar – Samarqand ziynati", "Moziydan sado", "Ulug‘bek rasadxonasi", "Samarqand qog‘ozi" singari 20 dan ziyod film-ko‘rsatuvlar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi badiiy kengashi tomonidan yuqori baholangani va MTRKning arxiv fondiga qabul qilinganini faxr bilan qayd etish lozim. Ularning aksariyati hali-hanuz respublika va viloyat teleradiokanallari orqali namoyish qilinmoqda.
NAVRO‘ZDA NISh URGAN KURTAK
2003 yil Navro‘z ayyomi kuni Samarqandda viloyat teleradiokompaniyasida "FM-105,2" radiokanali birinchi marta efirga chiqdi. Kanalni yaxshi niyatda, dunyoga yuz ochsin, degan umid bilan "Jahon" deb nomladik. Dastlab kuniga 14 soatlik eshittirishlar berildi. Asosan axborot-musiqiy, dam olish dasturlari asosida faoliyat boshlagan radiokanal tez orada muxlislarini topdi.
2004 yilning bahorida "FM-105,2" – "Jahon" radiokanalining bir yoshga to‘lganini nishonladik. Shu maqsadda bir guruh samarqandlik san’atkorlar va muxlislarni viloyat musiqali teatriga taklif qildik. Aytilgan vaqtda muxlislar teatrga oqib kela boshladi. Zalga odam sig‘may qoldi. Ko‘plab muxlislar tashqarida qolib ketishdi. "Jahon" radiokanalining 1 yoshi ijodkorlar va muxlislarning chinakam muloqotiga, bayramiga aylandi. Radiokanalning tez orada muxlislar nazariga tushishida Dilmurod Ismatov, Nodir Jo‘ramurodov, Lutfulla Shomurodov, Zebo Tog‘ayeva, Diloro Foziyeva singari fidoyi xodimlarning hissasi katta edi.
Hozirgi paytda radiokanal Samarqandning e’zozli ma’naviyat chamaniga aylangan. Kuniga 20 soat efirga chiqmoqda. Eshittirishlar rang-barang, qiziqarli va maroqli. Dastlabki paytlarda oddiygina qo‘lbola studiyalarda ishlagan bo‘lsa, endilikda xodimlar zamonaviy sharoit va imkoniyatlarga ega. Radiokanal Samarqandda bo‘layotgan voqea-hodisalar, yangiliklarni tezkor ravishda aholiga yetkazish, jonli muloqotlar o‘tkazish bilan ham el e’tiboriga tushgan, shu yurt yutuqlaridan so‘zlovchi Samarqand ovoziga aylangan.
Amrillo AHMEDOV.