"Samarqandim" - qalbga yaqin, ko‘ngillarga ozuqa beruvchi jurnal

"Samarqandim" - "My Samarkand" jurnalining 3-soni chop etildi. Tahririyat jamoasining navbatdagi ijod mahsuli ham mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti tezkor aks ettirilgan salmoqli jurnal, yaxshi kitob-albom bo‘ldi.

Rostdan ham, jurnalning har bir soni o‘ziga xos tarix sifatida kitob javonimizdagi sara asarlar qatoridan o‘rin olmoqda.

Bu galgi sonda ham YuNESKOning tarixiy Samarqandda forumidan Markaziy Osiyo+AQSh formatidagi uchrashuvlarigacha qisqa, lo‘nda qilib axborotlar berilgan. Eng muhimi, Prezidentlar, nufuzli shaxslar e’tiroflari keltirilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning 2025 yil 25 noyabrda viloyatimizga tashrifi tafsilotlari, Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha jahon kubogi musobaqasida hamyurtimiz Javohir Sindorovning g‘alabasi va bu borada davlatimiz rahbarining e’tirofi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Londonda inshvestorlar bilan uchrashuvi yuqori saviyada jurnal o‘quvchilari e’tiboriga havola etilgan.

Jurnal O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning "Samarqand saboqlari" hamda shoir Shuhrat Orifning "Samarqand" she’rlari, Manchester universiteti doktoranti, o‘zbekning ziyoli qizi Nafisa Abdullayevaning "Tafakkur erkinligi", Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti katta o‘qituvchisi Islomxon Gafarovning "Amerika Prezidentlari: tarixlar, taqdirlar, tahlillar, tadqiqotlar" kabi maqolalar bilan yanada boyitilgan.

Jurnalni qo‘liga olgan kishi taniqli dramaturg, O‘zbekiston  xalq artisti va san’at arbobi Bahodir Yo‘ldoshev xotirasi haqidagi turkum maqolalarni, Urgutda ochilgan "Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasi"ning ibratli jihatlarini, professor Halim Saidovning "Mahmudxo‘ja Behbudiy va Dukchi Eshon qo‘zg‘oloni" maqolasida yozilgan yaqin tariximizning biz bilmagan voqealarini, albatta, hayajon bilan o‘qiydi.