Samarqandlik 21 yoshli fuqaro namanganlikni chuv tushirdi
Namangan shahrida yashovchi 40 yoshli M.V. telefon orqali “Inter Vingo” nomli firma ishchisi bilan tanishib, Polsha davlatiga ishga ketish maqsadida bank kartasiga 2 million 700 so‘m pulni o‘tkazib berganidan so‘ng “noma’lum shaxs” uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermay, qora ro‘yxatga kirgazib qo‘yganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Samarqand viloyatida yashovchi 21 yoshli G.V. sodir etganligi aniqlangan. U o‘zini “Inter Vingo” nomli firma ishchisi deb jabrlanuvchiga tanishtirgan va uni Polsha davlatiga ishga jo‘natishini va’da qilib, bank kartasiga 2.700.000 so‘m miqdoridagi pulni o‘tkazib olib, o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Holat yuzasidan, G.V.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qism bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, G.V.ga sodir etgan jinoiy harakatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.