Samarqandlik 4 nafar o‘quvchi SEAMO xalqaro matematika olimpiadasida g‘olib bo‘ldi

Janubiy-Sharqiy Osiyo matematika olimpiadasi (SEAMO)ga Singapurning Terri Chev akademiyasi tomonidan asos solingan va olimpiada orqali o‘quvchilarning matematik bilimi va savodxonligi sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu nufuzli xalqaro olimpiadada bugungi kunga qadar Avstraliya, AQSh, Singapur, Indoneziya, Yaponiya, Xitoy, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning o‘quvchi-yoshlari ishtirok etib keladi.

Joriy yil o‘tkazilgan SEAMO-2020 xalqaro matematika olimpiadasida 16 ming nafardan ortiq o‘quvchilar ishtirok etdi. Jumladan, yurtimizdan 150 nafar o‘quvchi qatnashib, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qildi. Ular orasida Samarqand viloyatidan ishtirok etgan o‘quvchilarimiz bitta oltin, uchta bronza medallari sohiblari bo‘lishdi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasida SEAMO-2020 xalqaro matematika olimpiadasida qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Jomboy tumanidagi 46-umumta’lim maktabi o‘quvchilari Ozodbek Axtamov, Charos Sultonova, Gulsevar Arziqulova, shuningdek, SamDU akademik litseyi o‘quvchisi Muhammadxon Temurxonovlarga hamda ularning ustozlari va ota-onalariga qimmatbaho esdalik sovg‘alari, boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomalari topshirildi.

Tadbirda Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva, SamDU prorektori Ahmadjon Soliyev, SamDU akademik litseyi direktori Azamat Umarov tomonidan o‘quvchilarning mana shunday yutuqqa erishishida tayanch va suyanch bo‘lgan ota-onalar, ta’lim-tarbiya bergan o‘qituvchilarga minnatdorlik bildirildi.

Olimpiada g‘oliblari Singapurning Terri Chev akademiyasida matematik bilimlarini yanada oshirish bo‘yicha tashkil etiladigan bir haftalik o‘quv kursida ishtirok etadi. Shundan so‘ng o‘quvchilarga xalqaro darajadagi diplomlar ham topshiriladi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.