Samarqandlik bankirlar kitobxonlikda bellashdi

Markaziy bank Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan viloyatdagi bank tizimi xodimlari o‘rtasida “Eng kitobsevar xodim” an’anaviy ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda Samarqand davlat universiteti hamkorligida “Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal” shiori ostida o‘tkazilayotgan mazkur tanlovning final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

– Tanlov nomidan ayonki, bu tadbirimiz bank tizimi xodimlari orasida kitobxonlikni keng ommalashtirish, xodimlarning bilimi va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan, – deydi Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Suvonqulov. – Shuning uchun bu tanlovga tizim xodimlari o‘rtasida qiziqish oshdi, barcha banklarda kutubxonalar tashkil etildi. Bu yilgi tanlovda avvalgi yillardagidan ko‘p ishtirokchi qatnashgani boisi ham shunda. Tanlovning dastlabki bosqichi har bir bankning o‘zida o‘tkazilib, 110 nafar xodim ichki saralashlardan o‘tdi. Ular ikkinchi bosqichda onlayn test sinovi topshirdi va eng yuqori ball jamg‘argan 11 nafar bankir final bosqichiga yo‘llanma oldi.

Yakuniy bosqichda ishtirokchilar o‘zbek va jahon adabiyoti, buyuk mutafakkir va adiblarimiz haqidagi bilimlarini, she’riyat bobidagi mahoratlarini namoyon etdi.

Samarqandning taniqli shoir va yozuvchilari, Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, Xalq banki xodimi Elyor Ro‘ziyev tanlov g‘olibi bo‘ldi. “Turonbank” vakili Ma’ruf Tirkashev ikkinchi, “Oriyent finans bank” xodimi Oybek Abdiyev uchinchi o‘rinni egalladi.

Boshqa ishtirokchilar ham turli nominatsiyalar bo‘yicha e’tirof etilib, munosib rag‘batlantirildi.