Samarqandlik fermerlar Sirdaryoning xorijlik paxta yetishtiruvchilaridan qanday tajribalarni o‘rgandi?
Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan qishloq xo‘jaligi xodimlari, xususan, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasining paxtachilik bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislari, paxtachilik klasterlari rahbarlari, fermerlar o‘zaro tajriba almashish maqsadida Sirdaryo tumanida bo‘ldi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev bosh bo‘lgan samarqandlik agrar soha xodimlari dastlab tumandagi "PENG SHENG" O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan va qayta ishlanayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan tanishdi. Xususan, qo‘shma korxona tasarrufidagi xo‘jalikda bo‘lib, bu yerda chigit ekilishi vaqtida seyalkalarning yerga tomchilatib sug‘orish texnologiya va uskunalarini qanday yerga joylashtirgani, bu usulning suv resurslari va g‘o‘za qator oralariga ishlov berishdagi tejamkorligi, kam xarajat qilib, ko‘p foyda olish jarayonlarini kuzatishdi.
- Paxta klasteri rahbar va mutaxassislari, fermerlarimiz ushbu usulning har tomonlama foydali ekanligiga guvoh bo‘lishdi, - deydi viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i S.Hakimov. – Bu usulda ekilgan maydonlardagi g‘o‘zaning holati boshqa maydonlardagiga qaraganda ancha bo‘liq. Ya’ni, g‘o‘za shoxlari ko‘p, ko‘saklar katta, hosildor va ertapishar ekani yaqqol ko‘rinib turibdi. Kelgusi yilda viloyatimizning paxta yetishtirilayotgan barcha tumanlaridagi ma’lum maydonlarda shu usulda g‘o‘za yetishtirishni yo‘lga qo‘yamiz.