Samarqandlik ijodkorlar Nukusda

Nukus tumanida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasi – Samarqand viloyati madaniyati va san’ati festivali o‘tkazilmoqda.

Bugun tongda 100 nafarga yaqin samarqandlik madaniyat xodimlari, taniqli shoir va yozuvchilar, teatr va kino aktyorlari Nukusda tantanali kutib olindi.

Tumandagi ta’lim muassasalari, mahallalarda qoraqalpog‘istonlik va samarqandlik ijodkorlar ishtirokida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

15-bolalar musiqa va san’at maktabidagi shunday uchrashuvda bugungi adabiy jarayon, milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’atini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, iste’dodli yoshlarga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritildi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashbbusning biri yoshlarni musiqa va san’atga oshno etish hisoblanadi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarov. – Shundan kelib chiqib, bugun joylarda yoshlarni san’atga qiziqtirish, bu borada iste’dodi bor yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nukusda ham bunday yoshlar ko‘pligiga amin bo‘ldik. Bugun ularga mahorat saboqlari o‘tib, milliy musiqa san’atimiz, maqom va baxshichilik an’analari haqida ma’lumot berdik.

Tadbirlar doirasida samarqandlik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Jondan aziz” badiiy filmi taqdimoti va namoyishi o‘tkazildi.