Samarqandlik mehnat faxriylari taqdirlandi
O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik kengashining shu yil 27 maydagi qarori bilan mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalarida ko‘p yillar halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimiz, shuningdek, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash va farzand ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlangan, jamiyatimizda hurmat qozongan faxriylarning biri guruhi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Jumladan, Samarqand viloyatidan 81 nafar nuroniy I, II, III darajali “Mehnat faxriysi” bu ushbu mukofotga loyiq ko‘rildi.
Bugun Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyat faollari ishtirokida nishonlarni tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimi E.Turdimov mukoflangan faxriylarni tabriklab, yurtimizda keksa avlod vakillarini ijtimoiy muhofaza qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratdi.
– Prezidentimizning yurtimizda yashovchi nuroniylarga bo‘lgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rliklari tufayli har yili muhim qaror va farmonlar qabul qilinmoqda – dedi E.Turdimov. – Jumladan, joriy yil 11 martda qabul qilingan “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror asosida faxriylar bir qator imtiyoz va yengilliklar berildi. Sizlarning boy hayotiy tajribangizdan foydalanish, ijtimoiy faolligingizni oshirish maqsadida “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyiliga muvofiq yoshlar mahalladagi hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, zamonaviy fikrlaydigan faol nuroniylarga biriktirildi. Mahallalardagi “Keksalar maslahat guruhlari"ning faoliyati jonlandi. Oilalarda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, notinch oilalar bilan ishlashda ham nuroniylarimizning o‘rni oshib borayotgani quvonarli albatta. Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor” degan gap bekor aytilmagan. Chindan ham qaysiki xonadonda keksa otaxon va onaxonlarimiz bo‘lsa, bu uyning fayzi, barakasi boshqacha bo‘ladi, bolalar bobo va momolari pand-nasihatini eshitib, ularning duosini olib, barkamol insonlar bo‘lib o‘sadi.
Marosimda faxriylar so‘zga chiqib ko‘rsatilayotgan hurmat, e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
– Bir umr davlat idoralarida ishladim, iqtisod sohasida mehnat qildim, – deydi I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi, qo‘shrabotlik O‘rozqul Egamov. – Kasbim tufayli obro‘-e’tibor topdim, elning hurmatini qozondim. Yuzlab shogirdlar tayyorladim. Yaratganga shukr, muborak Haj amallarini bajarib kelish nasib etdi. Umuman, yoshlikda mehnat qilib, keksayganda uning rohatini ko‘rish nasib etgan faxriylardan biriman. Bugungi e’tirofdan ham boshim ko‘kka yetdi. Bugun yurtimizda yashayotgan keksalar ham, yoshlar ham har kunimiz uchun shukrona aytishimiz kerak. Davlatimiz o‘z fuqarolari uchun juda katta imkoniyatlar yaratib berdi, har tomonlama qo‘llab-quvvatlayapti. Buning qadriga yetish kerak.
Faxriylarning suhbati bir piyola choy ustida davom etdi.