Samarqandlik olim tashabbusi bilan “Alisher Navoiy” xalqaro jurnali ta’sis etildi
Buyuk shoir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan jurnalning 1-soni e’lon qilindi. Jurnal Samarqand davlat universiteti professori I.Mirzayev tashabbusi, bosh muharrirligi hamda Tadqiqot.uz sayti hamkorligida tashkil qilindi.
Prezidentimizning “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ulug‘ shoir va mutafakkirning adabiy-ilmiy merosini mamlakatimizda va xalqaro miqyosda yanada chuqur tadqiq qilish va keng targ‘ib etish lozimligi ta’kidlangan.
Bu esa filologiya ilmi va navoiyshunoslik, xususan, adabiy ta’sir, qiyosiy adabiyotshunoslik, matnshunoslik va tarjima masalalari bilan shug‘ullanayotgan tadqiqotchilar zimmasiga jahonning ilg‘or texnologiyalari, nazariy g‘oyalariga hamohang ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish vazifasini yuklaydi. Olimlarimizning ilmiy salohiyati, innovatsion g‘oyalarini jahonda targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro nufuzga ega “Alisher Navoiy” jurnali ta’sis etildi.
Jurnalda navoiyshunoslik, shoir adabiy merosining umumjahon tamaddunida tutgan o‘rni va adabiy ta’sir masalalari yoritib boriladi.
"Alisher Navoiy" xalqaro jurnali Amerika Qo‘shma shtatlarining Crossref.org tizimiga kiritilgan hamda har bir maqolaga raqam beriladi. Jurnalda navoiyshunoslikdagi muhim masalalar – “Navoiy va jahon adabiyoti”, “Navoiy va tilshunoslik masalalari”, “Temuriylar davri turkiy va o‘zbek adabiyoti”, “Bahosiz bitiklar”, “Asliyat ummoni”, “Navoiy nasri va nazmi nafosati”, “Tasavvuf”, “Fasohat”, “Badiiyat”, “Aruz va qofiya”, “Adabiy ta’sir”, “Ta’lim-tarbiya” kabi bir qator ruknlarda qamrab olingan. Jurnalning 1-sonida yurtimiz va xorijlik navoiyshunos olimlaridan, professor I.Mirzayev, M.Muhiddinov, H.Dadaboyev, M.Xolbekov, Q.Sodiqov, I.Haqqul, D.Salohiy, N.Jabborov, U.Jo‘raqulov, A.Erkinov, D.Yusupova, Tanju Seyhan, Olmos Ulviy Binnatova, Mare Tountant, Amir Nemati Lima’ilarning buyuk shoir ijodining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy kuzatishlari yoritilgan.
Ushbu xalqaro elektron ilmiy jurnalga maqolalar o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, turk, tojik kabi tillarda qabul qilinadi va nashr jahonning turli mamlakatlarida amalga oshirilayotgan navoiyshunoslikka oid tadqiqotlarni yoritib borishga mo‘ljallangan.
R.Ro‘zmanova,
SamDU dotsenti.