Samarqandlik olima karantin paytida «Yilning eng yaxshi tadqiqot ishi - 2020» xalqaro tanlovi g‘olibi bo‘ldi
Gulmira Keldiyorova – Samarqand davlat universitetining geografiya va ekologiya fakulteti doktoranti. Tinib-tinchimas, izlanuvchan olima «Shifer ishlab chiqarish korxonalaridagi chang, gaz tozalash uskunalar ish samaradorligini baholash» mavzuida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Shu izlanishlari uchun olib borgan tadqiqot natijalari yaqinda Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan «Yilning eng yaxshi tadqiqot ishi - 2020» xalqaro tanlovida texnika fanlari yo‘nalishida 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
- Tanlov onlayn tarzda tashkil etilgan bo‘lib, unda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan olimlar ishtirok etganini kuzatib turdik, - deydi Gulmira. – Nufuzli tanlovda faxrli o‘rin olganimni isbotlovchi diplomni elektron pochtamga jo‘natishganda to‘g‘risi, juda hayajonlandim. Chunki bir necha davlatlar olimlari ishtirok etgan tanlovda o‘rin egallashdan to‘g‘risi unchalik umid qilmagandim.
Ishimning mazmun-mohiyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tsam: Bugungi kunda barcha turdagi ishlab chiqarish korxonalarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi jarayonni o‘rganish eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalarni atmosferaga chiqarish manbalarini xatlovdan o‘tkazish va tashlamalarning yo‘l qo‘yiladigan cheklangan miqdori loyihalarini ishlab chiqish keng yo‘lga qo‘yilgan. Bunday hujjatlarning ishlab chiqilishi hududning qanchalik darajada ifloslanishini aniqlash va ularning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Korxonalardagi ifloslantiruvchi moddalar me’yor holda tashlanishiga erishish muhim tadbirlardan biri hisoblanadi.
Shuning uchun men Samarqand viloyatidagi Urgut tumanida joylashgan shifer ishlab chiqarish korxonasida ilmiy izlanishlar olib bordim. Korxonadan ajralib chiqadigan zararli moddalarning atrof-muhitga ta’siri va korxonada mavjud chang, gaz tozalash uskunalar ish samaradorligini o‘rgandim.
Korxonadagi ushbu uskunalarning ish samaradorligini oshirish maqsadida ikkinchi bosqichli chang, gaz tozalash uskunasining qo‘llanilishini joriy qildim. Uskunaning yangi turini yaratdik. Mazkur uskuna ham arzon va samarali tozalash imkoniyatiga ega. Ilmiy izlanishlarim samarasi o‘laroq mavjud uskunaning 71 foiz ish samaradorligi 97 foizga oshirilganligi, natijada korxonadan ajralib chiqadigan zararli moddalarning atrof-muhitga va aholi salomatligiga ta’siri kamaytirilganligi ilmiy asoslandi.
Darvoqe, Gulmira Keldiyorova geografiya va ekologiya fakulteti doktoranti bo‘lsa-da, ammo u Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutida tahsil olgan. Ya’ni, qurilish korxonalari faoliyati bo‘yicha fundamental bilimlarga ega. Shuning uchun bu boradagi bilimlari bilan ekologiya sohasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda. Qolaversa, sanoat korxonalaridan atmosferaga chiqayotgan zararli moddalarga qarshi kurashish ham uning uzoq yillik orzularidan.
- Uyimizning orqa tomonida bir nechta sanoat korxonalari joylashgan bo‘lib, ulardan ko‘tarilayotgan zaharli tutunlar doim meni bezovta qilib kelgan, - deydi Gulmira. - Shuning uchun bu ishni tadqiq etishga shijoat bilan kirishdim. Maqsadim, nafaqat shifer ishlab chiqaruvchi, balki boshqa korxonalarda ham atmosferaga zararli tashlamalarni chiqarishning kamayishiga erishishdir.
Darvoqe, bu Gulmiraning shu yil hisobidagi ilk muvaffaqiyati emas. U shu yil boshida o‘tkazilgan “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” III Respublika tanlovida ham “Eng samarali innovatsion loyiha” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rin sohibasiga aylangandi.
Gulruh MO‘MINOVA.