Samarqandlik o‘quvchilar yaratgan platforma Yevropada 50 ming yevroga baholanmoqda

“Bir million dasturchi” loyihasi acosida samarqandlik maktab o‘quvchilari ingliz tilini o‘rganish platformasini yaratdi. Bugungi kunda ushbu platforma Yevropaning nufuzli ta’lim muassasalarida ishlatilmoqda.

Platforma asoschilari Samarqand shahridagi maktablarda tahsil olayotgan 10-sinf o‘quvchilari bo‘lib,  IT sohasidagi bilimlarini “Bir million dasturchi” loyihasi hamda informatika fani bo‘yicha qo‘shimcha darslar orqali mustahkamlagan va tengdoshlari, til o‘rganishga ishtiyoqmand kishilar uchun qariyb ikki oyda bu loyihani ishlab chiqishgan.

- Platforma sun’iy intellekt yordamida o‘quvchilarning til bilish darajasini yuqori darajada aniqlab beradi, - deydi platforma asoschilaridan biri Saidafzal Shukurov. – Shuningdek, til bilishda qaysi jabhada o‘z ustida ishlash kerakligini, imtihon sharoitini, kuchli va kuchsiz tomonlarini ko‘rsatadi. Izlanishlarimizni yana davom ettirib, platforma imkoniyatlarini kengaytiramiz va ushbu platformani mamlakatimizda ham ishga tushirishni rejalashtiryapmiz.

Tizim hozirgi kunda  o‘nga yaqin mamlakatda sinovdan o‘tdi. Bosh qarorgohi Gretsiyada bo‘lgan, 20 dan ortiq davlatda filiallariga ega G‘arbiy Yevropaning eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri “Maria Daviati” nomidagi xalqaro maktab tomonidan yuqori baholanib, amaliyotga joriy qilingan.

- Oldin axborot texnologiyalariga oid material kerak bo‘lsa, Yevropa mamlakatlaridan so‘rardik yoki platforma sotib olardik, - deydi xalqaro ekspert Muhammadxon Soliyev. – Keyingi paytda mamlakatimizda xorij tillari va axborot texnologiyalarini o‘rganish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim dasturlarida xalqaro standartlarga javob beradigan informatika darsliklarining yaratilishi natijasida o‘quvchilarimiz jahon darajasidagi yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, yaratilgan ushbu til o‘rganish platformasi o‘zining kengaytirilgan dialekti bilan ajralib turadi va Yevropa mamlakatlarida 50 ming yevro qiymatida baholanmoqda.

Fazliddin Ro‘ziboyev.