Samarqandlik pedagog-xodimlar ayanchli vafot etgan o‘qituvchining yaqinlariga hamdardlik bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan “Samarqandlik o‘qituvchi 15 kishi tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etdi” xabari yuzasidan Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi munosabat bildirdi.
Marhum o‘qituvchi I.M. Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2018 yilning 3 sentyabridan buyon ishlab kelgan.
U tarix fani bo‘yicha rus sinflariga dars berib, joriy yilning 14 oktyabridan boshlab maktabga kelmagan.
Maktab rahbariyati tomonidan surishtirilganda I.M. sog‘lig‘i yomonligi, davolanib, tibbiy ma’lumotnomalar bilan maktabga qaytishini bildirgan, ammo qaytmagan. Maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ye.Shigay o‘qituvchi I.M. bilan qayta telefon orqali bog‘langanda esa u endilikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi ekanligini, maktabdan esa ishdan bo‘shashini bildirgan. Shu bois o‘qituvchiga ajratilgan dars soatlari tarix fani o‘qituvchilari G‘.Voxidov va G.Sattorovalarga yuklatilgan.
Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi hamda maktab ma’muriyati o‘qituvchi I.M. bilan sodir bo‘lgan ayanchli holatdan chuqur qayg‘uda.
Barcha samarqandlik pedagog-xodimlar uning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.