Samarqandlik professor 900 million so‘mlik grant sohibi bo‘ldi
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan fundamental loyihalar tanlovi e’lon qilingan edi. Unda Samarqand davlat universiteti professori, fizika-matematika fanlari doktori Rustam Ibodov Eynshteynning “Qora tuynuklar” (Black Holes) va “Yumronqoziq inlari” (Wormholes) tenglamalari uchun yangi yechimlar loyihasi bilan ishtirok etib, 899 990 000 so‘m miqdorida grant yutib oldi.
- Loyihaning asosiy maqsadi modernizatsiyalangan Eynshteyn tenglamalaridan foydalanib, “Qora tuynuk” va “Yumronqoziq inlari” yechimini topishga qaratilgan, - deydi Rustam Ibodov. – Ushbu loyihada Scopus va Web of Sceince bazalariga kiruvchi xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, loyihada ishtirok etayotgan yosh olimlarning PhD va DSc ilmiy darajalari himoyasi rejalashtirilgan. Loyihaga Germaniyaning Oldenburg universiteti professori Yutta Kunz hammualliflik qilmoqda.
- Rustam Ibodov Samarqand davlat universiteti nazariy fizika maktabi asoschisi, - deydi tadqiqotchi Sardor Murodov. - Domla boshchiligidagi loyihada jami 4 kishi qatnashib, grant sohibi bo‘ldik. Bu barchamizning ilmiy faoliyatimiz qamrovi kengayishi va rivojlanishi uchun xizmat qiladi. Kelajakda bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni yanada kengaytirib, o‘zbek nazariy fizika maktabini dunyoga tanitmoqchimiz.
Behruz Shamsiddinov.