Samarqandlik qariyb 444 ming fuqaro bir martalik moddiy yordam  puli oladi

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini, jumladan, kam ta’minlangan bolali oilalarni aniq yo‘naltirilgan tarzda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy farovonlik darajasini oshirish, shuningdek, insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat tadbirlarini izchil davom ettirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan “Aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Qarorda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga ikki hafta muddatda davlat byudjeti hisobidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, masalan, 800 ming so‘m miqdorida yoshga doir pensiya olib turgan fuqaroga 300 ming so‘m bir martalik moddiy yordam puli beriladi. Shuningdek, 18 yoshgacha nogiron bolasiga bolalikdan nogironlik nafaqasi olib turib, bundan tashqari o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar parvarishlash nafaqasi oluvchi ayolga har bir nafaqa toifasi uchun 300 ming so‘mdan, jami 600 ming so‘m bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Yoki 3 nafar bolasiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchi fuqaroga har bir bolasi uchun 300 ming so‘mdan, jami 900 ming so‘m bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Shu bilan birga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasi oluvchi oilalarning 18 yoshga to‘lmagan har bir bolasiga 200 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam beriladi.

Qaror ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida viloyat bo‘yicha ushbu moddiy yordam pullarini oluvchi 443 ming 880 nafar fuqaroning ro‘yxati va to‘lov qaydnomalari shakllantirildi hamda Xalq banki orqali to‘lab berilishi uchun yuborildi. Pensiya va nafaqasini bank kartasi orqali oluvchi ushbu toifadagi fuqarolarga esa bir martalik moddiy yordam pullari kartasiga tushirib berilmoqda.

Abdurashid Rahimov,

Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi shu’ba rahbari.