Samarqandlik shaxmatchi o‘quvchilar Osiyo chempionatida 1 ta oltin, 5 ta kumush medaliga sazovor bo‘ldi
Toshkent shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha XVII Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Musobaqada qit’amizning 16 davlatidan kelgan 400 nafar shaxmatchi rapid, standart va blits yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun dona surdi.
Chempionatda samarqandlik o‘quvchilar ham munosib ishtirok etib, yosh toifalarida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy egalladi. Jumladan, Past Darg‘om tumanidagi 19-maktab o‘quvchisi Guldona Karimova 17 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida standart yo‘nalishida oltin, blits yo‘nalishida bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Samarqand shahridagi 12-maktab o‘quvchisi Akobirxon Saydaliyev 15 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida standart va rapid yo‘nalishlarida 2 ta, Urgut tumani 136-maktab o‘quvchisi Ruqiya Olimova 13 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida rapid yo‘nalishida, Samarqand shahar 13-maktab o‘quvchisi Ikromjon Xalilov 15 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida blits yo‘nalishida bittadan kumush medallariga sazovor bo‘ldi.
Bekzod Ahmedov.