Samarqandlik yosh vrach Qashqadaryoning olis qishloqlaridan birida ish boshlaydi

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ravshan To‘lakov Chiroqchi tumanining Ko‘kdala hududida tibbiyot sohasidagi muammolarni o‘rganishi davomida shu hududda ishlash taklifini bildirgan samarqandlik yosh shifokor bilan uchrashdi.

Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumani, Gumbaz mahallasida istiqomat qiluvchi Islom G‘aniyev 27 yoshda. 2019 yilda Samarqand tibbiyot institutini tamomlagan. Yaqinda uylangan.

- O‘zim yashaydigan hududda yarim stavkada ishlayman, - deydi Islom. – Chunki mutaxassis ko‘p, ish o‘rni kam. Bu yerda mutaxassislarga ehtiyoj katta ekanligini eshitib, qo‘shimcha ish izlab kelgandim. Sho‘rquduqdan ellik kilometrlik masofada yashayman. “Matiz”im bor, qatnab ishlashim mumkin...

Ravshan To‘lakov yosh shifokorni shu yerga ko‘chib kelib, Sho‘rquduq oilaviy shifokorlik punktiga 1,5 stavka oilaviy shifokor hamda hududdagi “Tez tibbiy yordam” shoxobchasida navbatchi shifokor bo‘lib ishlashga taklif etdi. Agar Islom tuman hokimi bilan belgilangan tartibdagi shartnomani imzolasa, nafaqat besh million so‘mdan ziyod ish haqiga ega bo‘lishi, balki Prezidentimiz tomonidan belgilangan bir qator imtiyozlarni qo‘lga kiritishi, jumladan, 30 million so‘mlik bir martalik to‘lov, xizmat uyi yoxud ijara to‘lovi bilan ta’minlanishini ma’lum qildi.