Samarqandliklarning ikkinchi jahon urushiga qo‘shgan hissasi
Urushning birinchi kunlaridayoq frontga ketganlar orasida Bog‘ishamol tumani rahbar xodimlaridan Ziyoboyev, Samarqand shahar yoshlar qo‘mitasining sobiq kotibi R.Karimov, Samarqand davlat universitetining sobiq rektori A.Valiyev, shu oliygoh ilmiy xodimlari M.Burnashev, T.Xoliqov bor edi. 1941 yil 1 avgustgacha samarqandliklar frontga ko‘ngillilar qatorida jo‘natishlarini so‘rab, tuman, shahar harbiy komissariatlariga 3 mingdan ko‘proq ariza berdilar.
"Hamma narsa front uchun" shiori ostida boshlangan harakat tufayli 1941 yilning dekabrida Samarqand viloyatidan 6751 kilogramm kishmish, 22 ming 309 kilogramm quruq meva, 1 034 kilogramm guruch, 5 914 kilogramm sabzavot va 2 475 so‘m naqd pul frontga yuborildi. 1942 yil davomida yordam yanada kuchaytirilib, oziq-ovqat va kiyim-kechak ortilgan 85 vagon frontga jo‘natildi.
Samarqandlik xotin-qizlar tashabbusi bilan 3 000 ta kalta po‘stin, 8 000 ta piyma, 7 000 ta telpak, 9 000 juft qo‘lqop, 5 000 ta paxtali shim va 17 ming juft paypoq jangchilarga yetkazib berildi.
Samarqand mehnatkashlarining yuksak fazilatlaridan biri shu bo‘ldiki, urush tufayli vayron bo‘lgan shahar va qishloqlardan 165 ming kishini, shuningdek, ota-onasiz qolgan 20 mingdan ziyod bolani o‘z bag‘riga oldi. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahrida yashayotgan Hamid Samatovning oilasi 13 nafar yetim bolani o‘z familiyasiga olib tarbiyaladi.
Sobiq ittifoqning turli hududlaridan ko‘chirib keltirilgan, ota-onasidan ajralib qolgan bolalarni joylashtirish uchun viloyatda 8 ta bolalar uyi, 50 dan ziyod qo‘shimcha sinflar tashkil etildi.
Urushdan ozod qilingan yerlarga ham O‘zbekiston xalqi tomonidan katta yordam ko‘rsatildi. 1943 yilda Rossiya, Ukraina va Belorusiya shahar va qishloqlariga Samarqand viloyatidan 31 ming 600 bosh qoramol, 1 200 ta ot, 800 bosh ho‘kiz, 8 000 qo‘y va echki yuborildi.
Urush yillarida samarqandlik jangchilar oilasiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha katta tadbirlar amalga oshirildi. "Lenin yo‘li" (hozirgi "Zarafshon") gazetasining 1942 yil 28 noyabrdagi sonida yozilishicha, 1942 yilning avgust-noyabr oylarida Bulung‘ur tumanida 1238 harbiy xizmatchi oilasi uyi ta’mirlangan. Ularga 10 tonna g‘alla, 12 tonna arpa, 11 tonna jo‘xori berildi. 89 oilaga sigir va 469 oilaga echki ajratilgan.
O‘sha davrga oid hujjatlarda qayd etilishicha, 1943 yilda Samarqand viloyatida 32 ming 512 nafar harbiy xizmatchi oilasi nafaqa bilan ta’minlangan. Ulardan 10 ming 551 nafari keksayib qolgan ota-onalar, 15 ming 527 nafarini bolalar tashkil qilardi.
Ikkinchi jahon urushida o‘zbekistonliklardan 85 nafari janglarda ko‘rsatgan jasorati uchun sobiq ittifoq qahramoni bo‘ldi. Jumladan, samarqandlik Bois Ergashev, Eshonqul Ismoilov, Ochil Qodirov, Aliboy Qaraboyev, Toganboy Kaumboyev, Ahmadjon Qurbonov, Rovshan Maxmudov, Bakir Mustafoyev, Pirimqul Nurmonov, Qudrat Suyunov, Astonqul Xushnazarov ana shunday yuksak mukofotga sazovor bo‘ldi.
Yuqoridagi va boshqa ma’lumotlar O‘zbekiston xalqi, jumladan, samarqandliklar ham Ikkinchi jahon urushi yillarida janglarda jasorat, mehnatda fidokorlik ko‘rsatganligi, bag‘rikenglik qilganidan dalolat berib turadi. Ushbu jarayonlarda faol qatnashgan, fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz – Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylari bugun davlatimiz va xalqimiz e’zozida hayot kechirmoqda. Bugun barchamiz ana shu insonlarga ta’zim qilamiz, ulardan cheksiz minnatdormiz.
Shokir G‘AFFOROV,
Samarqand davlat tibbiyot instituti professori,
tarix fanlari doktori.