Samarqandning Otellosi

O‘zbekiston xalq artisti Ta’naberdi Qurbonov hayot bo‘lganida bugun 88 yoshni qarshilardi.

T.Qurbonov 1935 yil 8 avgustda Past Darg‘om tumanidagi Arabxona qishlog‘ida tug‘ilgan.

U avval Samarqand davlat universiteti, keyin Toshkent teatr va rassomchilik institutida tahsil oldi. Samarqand viloyat davlat musiqa va drama teatri (hozirgi viloyat musiqali drama teatri)da olti yil (1964-1970 yy.) aktyor, 25 yil direktor hamda badiiy rahbar bo‘lib ishladi.

Mohir san’atkor “Otello” tragediyasida Otello, “Qiyomat qarz” asarida Sulaymon ota, “Mirzo Ulug‘bek” dramasida Ulug‘bek rollari bilan mamlakatga tanildi.

Rejissyor sifatida 20 ga yaqin asarlar sahnalashtirdi, teatr san’atiga oid 100 ga yaqin maqola, bitta kitob yozdi.

Mustaqillik yillarida T.Qurbonov jamoat arbobi sifatida maydonga chiqdi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati etib saylandi. 1999-2007 yillarda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limini boshqardi.

1974 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 1978 yilda O‘zbekiston xalq artisti, 2000 yilda “El-yurt hurmati” ordeni sohibi bo‘ldi.

Xalqimizning ulkan, betakror san’atkori Shukur Burxonov T.Qurbonov haqida shunday degan edi: «Ta’naberdi, sening qalbing pok, pokligicha qolsin! Aktyor o‘z zamonining jarchisi, o‘z xalqingga sof xizmat qilgin. Men senda o‘z Rustamimni, o‘z Ferdinandimni, o‘z Jaloliddinimni, Mirzo Ulug‘begimni ko‘ryapman. Fidoyi san’atkor bo‘lib qolgin…»

Ana shunday san’atkor bo‘lib yetishgan Ta’naberdi Qurbonov 2015 yilda 80 yoshida vafot etdi.