Samarqandning turizm salohiyati Sianda namoyish etildi
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov boshchiligidagi turizm sohasi mas’ullari va sayyohlik firmalari vakillari Xitoy Xalq Respublikasi Shensi provinsiyasi Sian shahrining turizm salohiyati bilan tanishish hamda mazkur yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirish maqsadida mazkur shaharda xizmat safarida bo‘ldi.
Provinsiya va Sian shahri mas’ullari, turizm sektori rahbarlari bilan uchrashuvlarda Samarqand va Sian o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, turizm sohasida hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
“Samarqand – yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” shiori ostidagi Samarqand – Sian sayohlik forumi tashrifning asosiy voqeasi bo‘ldi.
Forumda Samarqandning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar, xorijlik sayyohlar uchun yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, mazkur sohada faoliyat olib boradigan tadbirkorlik sub’yektlari, xususan, chet ellik investorlarga berilgan imtiyoz va yengilliklarga to‘xtaldi. Xitoylik tadbirkorlarni hamkorlikda ishlashga taklif qildi.
Forumda Samarqand viloyat hokimligi hamda Shensi provinsiyasining turizmni rivojlantirish bo‘yicha tashkiloti o‘rtasida kelishuv memorandumi imzolandi.
Tadbirda Samarqand va Sian turizm sohasi vakillari ishtirokida B2B uchrashuvlar tashkil etildi.