SamDChTI vakillari xalqaro anjumanda ishtirok etdi

Samarqand davlat chet tillar instituti vakillari – xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limi, innovatsion ta’lim texnologiyalari va metodika kafedrasi, ingliz tili leksikologiyasi va stilistikasi kafedrasi o‘qituvchilari Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tgan xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi.

Dastlab institut vakillari Abu-Dabi universitetida bo‘lib o‘tgan Birinchi Xalqaro barqarorlik yetakchilari (First International Sustainability Leaders Meeting) uchrashuvida qatnashdi. Ushbu anjuman dunyo miqyosidagi yetakchi universitetlar, ta’lim mutaxassislari va oliy ta’limda barqarorlik masalalari bo‘yicha ekspertlarni bir joyga jamlab, oliy ta’lim muassasalarida barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etishning dolzarb jihatlarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Abu-Dabi universiteti va UI GreenMetric reytingi hamkorligida tashkil etilgan tadbir davomida ta’lim tizimiga ekologik ongni singdirish, barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. SamDChTI vakillari anjuman davomida Abu-Dabi universitetining barqaror rivojlanish strategiyalari, ta’lim jarayonlaridagi innovatsion texnologiyalar, moddiy-texnik bazasi va talabalar shaharchalarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, institut vakillari UI GreenMetric reytingida ishtirok etayotgan universitetlar vakillari bilan uchrashib, reyting ko‘rsatkichlarini oshirish, ekologik jihatdan qulay ta’lim sharoitlarini yaratish va xalqaro tajriba almashish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Institutning xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Javohirxon Nasrullayev UI GreenMetric reytingi, QS tashkiloti hamda Abu-Dabi universiteti rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ta’lim sifati va xalqaro ko‘rsatkichlarni oshirish bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishdi.

Anjuman yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi va ushbu xalqaro forumdan olingan tajriba SamDChTI uchun xalqaro ta’lim maydonida barqarorlik bo‘yicha kelgusidagi strategiyalarni ishlab chiqishda muhim qadam bo‘ldi.

Abu-Dabi universitetidagi anjumandan so‘ng, institut vakillari Dubay shahrida joylashgan nufuzli maktabgacha ta’lim muassasasi – Raffles Early Childhood Centre’da bo‘lishdi. Institut vakillari maktabgacha ta’lim tizimining dolzarb jihatlari, innovatsion o‘quv metodikalarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha fikr almashdilar. Uchrashuv davomida tomonlar maktabgacha ta’lim sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqib, qo‘shma loyihalar tayyorlash va tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar.

Tashrif yakunida tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar. Ushbu hamkorlik natijasida institut o‘qituvchilari Raffles Early Childhood Centre tajribasini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi va O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar ishlab chiqiladi.

Uchrashuv davomida olingan bilim va tajriba institut professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun yangi imkoniyatlar yaratib, xalqaro ta’lim maydonida yanada yuqori natijalarga erishish uchun mustahkam poydevor yaratdi.

Adiba EShDAVLATOVA,

Nargiza BAXRILLOYeVA,

Samarqand davlat chet tillar instituti ingliz tili leksikologiyasi va stilistikasi kafedrasi o‘qituvchilari.