SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali: Bir yilda nimalarga erishdi, qaysi loyihalar reja qilindi?

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filiali faoliyatini boshlaganiga bir yil to‘ldi.

 Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 maydagi tegishli qarori asosida tashkil qilinib, 2021/2022-o‘quv yilidan faoliyatini boshlagan filialimizga dastlab 600 nafardan ortiq talaba qabul qilindi. Bugungi kunda esa ularning soni qariyb bir barobarga ortdi. Bugungi kunda talabalarimiz 13 ta ta’lim yo‘nalishida tahsil olmoqda.

O‘quv jarayonlarini samarali tashkil qilish maqsadida yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan malaka va tajribaga ega professor-o‘qituvchilar jalb qilindi. Pedagogik faoliyatini oliy ta’lim sohasida davom ettirish istagida bo‘lgan yosh kadrlar ochiq tanlovlar asosida saralanib, sinov darslari orqali ishga qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.

Filialimizda hozirgi kundagi mavjud 2 ta fakultet va  4 ta kafedrada 55 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ilmiy salohiyat 23,6 foizni (13 nafari ilmiy darajali) tashkil etadi. O‘tgan o‘quv yili davomida filial professor-o‘qituvchilari tomonidan 228 ta ilmiy ishlar nashr etildi, shundan Skopus bazasiga kiruvchi jurnallarda 9 ta,  OAK tasarrufidagi jurnallarda 15 ta, xorijiy jurnallarda 79 ta, respublika miqyosidagi jurnallarda 24 ta ilmiy maqolalar e’lon qilindi.

2 ta darslik, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta monografiya va konferensiyalar tezislari nashr etildi. 2 ta patentlik guvohnomasi olindi, 10 ta ilmiy-texnik loyihalar tayyorlandi.

Filial moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘quv-uslubiy faoliyat, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, filialning asosiy binosi sifatida topshirilgan o‘quv korpusimiz hamda 200 o‘rinli talabalar turar joyida mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. Rekonstruksiyadan so‘ng, ushbu bino 2022/2023-o‘quv yili oldidan tantanali topshirildi.

Bugungi kunda 70 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga 1000 o‘rinli o‘quv binosi hamda 500 o‘rinli talabalar turar joyini qurish ishlari jadal olib borilmoqda.

Talabalarimizni ilm olishga, o‘z ustida ko‘proq ishlashga rag‘batlantirish, mutaxassisligini puxta egallashi uchun har tomonlama qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Bundan o‘ziga motivatsiya olayotgan talabalarimiz ayni paytda yuqori natijalar sari intilayotgani e’tiborga molik.

Bir nafar talabamiz Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) miqyosida  o‘tkazilgan  "Eng yaxshi ilmiy tadqiqotchi " ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida Ishoqxon Ibrat hayotiga bag‘ishlangan tadqiqoti uchun diplom, maqolalar jamlangan kitob sertifikati va ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Uch nafar talabamiz Samarqand davlat chet tillar institutida bo‘lib o‘tgan ingliz tili orfografiyasi ("Spelling Bee") bo‘yicha Markaziy Osiyo  tanlovining saralash bosqichida faxrli o‘rin olib, yakuniy bosqichga yo‘llanma oldi.

Bugungi kunga qadar talaba va professor-o‘qituvchilarimiz “Ustoz-shogird” an’anasi asosida yetmishdan ortiq xalqaro va respublika miqyosida maqola va tezislar nashr ettirdi.

Bundan tashqari, sportchi yoshlarimizning respublika, Osiyo va xalqaro darajadagi natijalarini ham alohida e’tirof etish joiz.

Filial jamoasi hamfikr va hamjihat, hammaslak bo‘lgan holda oliy ta’lim muassasamizda yil sayin ilmiy salohiyatni oshirish, mamlakatimiz va albatta, jahondagi eng ilg‘or oliy ta’lim muassasalari safiga qo‘shilish, tobora ravnaq topayotgan yurtimizda sohalarni bilimli va intellektual salohiyatli kadrlar bilan ta’minlashga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz.

Sh.O‘roqov,

SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali direktori.