SamDU ziyolilari talabalik va magistrlik guvohnomalarini Ulug‘bek madrasasida tantanali topshirishni taklif etyapti
Yurtimizda saqlanib qolgan “oliy madrasa” maqomida faoliyat yuritgan dargohlarning eng ulug‘laridan biri 1420 yilda temuriyzoda Mirzo Muhammad ibn Shohruh ibn Temur Ulug‘bek Ko‘ragoniy (1394-1449) tomonidan asos solingan Mirzo Ulug‘bek madrasasidir. Samarqand o‘z davrining buyuk astronomi va matematigi, davlat arbobi bo‘lgan Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay) davrida ilm-fan markaziga aylandi. Dunyoning turli burchaklaridan bu maskanga ilm olish maqsadida kelgan yuzlab talabalar bu dargohda olimlik maqomiga erishganlar. Madrasada diniy ilmlar qatori astronomiya, matematika kabi dunyoviy ilmlar o‘qitilar, davrning Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘¬bek, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Alovuddin Ali Qushchi kabi olimlari talabalarga saboq berganlar.
Madrasa ikki qavatli bo‘lib, ko‘plab hujralar, inshootning to‘rt burchagida qurilgan katta darsxonalar, yoz oylarida dars o‘tishga mo‘ljallangan ayvonlardan iborat bo‘lib, tahsil oluvchi talabalarning yashashi va o‘qishi uchun sharoitlar yaratib berilgan. Ta’limda diniy va dunyoviy bilimlarning uyg‘unligi, mashhur olimlarning bu dargohda faoliyat olib borganligi bois madrasa nafaqat sharqda, balki butun dunyoda Ulug‘bek akademiyasi nomi bilan shuhrat topdi. Bu akademiyada shakllangan astronomiya maktabi, Mirzo Ulug‘bek tomonidan yaratilgan “Ziji Ko‘ragoniy” asari va u boshchiligida qurilgan rasadxonada olib borilgan tadqiqotlar keyinchalik dunyoning boshqa davlatlarida mazkur soha rivoji uchun asosiy manba bo‘ldi. Ayniqsa, siyosiy vaziyat ancha qaltis bo‘lgan ashtarxoniylar davrida Samarqand hokimi bo‘lgan Yalangto‘sh Bahodir (1576-1656) tomonidan 1619-1636 yillarda Sherdor va 1646-1660 yillarda Tillakori madrasalarining qurilishi, ta’mirlash ishlarining olib borilishi hamda ilm ahliga bo‘lgan e’tiborning kuchayishi Samarqandda ilm-fanning gullab-yashnashiga zamin yaratdi.
Samarqand asrlar davomida ko‘plab qirg‘inbarot janglarning guvohi bo‘ldi, lekin har qanday sharoitda ham Ulug‘bek asos solgan akademiya ilm-fan beshigi, olimu fuzalolar maskani bo‘lib qolaverdi. 1927 yildan boshlab Samarqand davlat universiteti nomi bilan o‘z faoliyatini davom ettirayotgan ushbu maskan har yili minglab kadrlarni yetishtirib bermoqda.
Yaqinda ommaviy axborot vositalarida Samarqand davlat universiteti rektori professor Rustam Xolmurodovning “Samarqand universiteti qachon tashkil topgan?” nomli maqolasining e’lon qilinishi universitet 1420 yilda Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilgan madrasasining bevosita vorisi ekanligi to‘g‘risida ilm ahlining ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Jamoatchilik bu maqolaga o‘z fikrini bildirdi: mazkur mavzu bo‘yicha turli kasb egalari tomonidan munosabat bildirildi, ko‘plab maqolalar e’lon qilindi. Qisqa qilib aytganda, mavzuning to‘g‘riligi va dolzarbligi xalq tomonidan e’tirof etildi.
Shunday ekan, endi amaliy ishga o‘tish vaqti yetib keldi. Buning uchun nazarimizda quyidagi ishlarni amalga oshirishimiz lozim:
- Tarix, astronomiya, filologiya sohasida Ulug‘bek davri va undan keyingi asrlarda qilingan ishlarga oid ma’lumotlar to‘plash va bir tizimga keltirish hamda buning uchun sohalar bo‘yicha mutasaddilar belgilash lozim. To‘plangan materiallarni “Ulug‘bek akademiyasi vorislari” rukni ostida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borish, radio va televideniyeda maxsus davra suhbatlari uyushtirish;
- Barcha to‘plangan materiallar asosida boshqa oliy o‘quv yurtlarini ham jalb qilgan holda xalqaro konferensiya tashkil qilish va uni har yili Mirzo Ulug‘bek tavalludi nishonlanadigan kunda o‘tkazishni an’anaga aylantirish va natijalarni aks ettiruvchi jurnal tashkil etish. Aynan shu kunda fanlar kesimida bu sohada erishilgan yangiliklarni aks ettiruvchi rasmlar ko‘rgazmasini tashkil etish;
- Bugungi kunda universitet va Ulug‘bek akademiyasi o‘rtasida bog‘liqlikni ko‘rsatish uchun universitetning astronomiya kafedrasi va Registondagi Ulug‘bek madrasasi, Ulug‘bek rasadxonasi bilan aloqani ta’minlash lozim. Buning uchun ayrim amaliy, dalada o‘tkaziladigan darslarni aynan o‘sha joylarda o‘tkazish va buni muntazam tashkil etish kerak.
- Juda nufuzli xalqaro konferensiyalarning ochilish marosimini Ulug‘bek madrasasi maydonida o‘tkazish kerak. Bu xorijliklarda universitet va Ulug‘bek madrasasi o‘rtasida bog‘liklik davom etayotganiga ishonch va e’tirof uyg‘otadi.
- Universitetning birinchi kurs talabalariga talabalik guvohnomasi, magistrlarga magistrlik guvohnomasini Ulug‘bek madrasasida tantanali topshirish va bu an’anaga aylanishi lozim.
- Sentyabr oyining ma’naviyat soatlarida universitet bo‘yicha birinchi kurs talabalarini Ulug‘bek madrasasi bilan tanishtirish, o‘rtadagi bog‘liqlikni ularga tushuntirish kerak.
- “Universitet” xiyobonidagi fizika fakultetiga kirish eshigi yonida charxpalak shaklida planetalar joylashuvi va yulduzlarni kuzatish asbobi o‘rnatilib, marmar toshga “Ulug‘bek akademiyasi” yozuvi o‘rnatilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Samarqand turizm shahri bo‘lgani bois har kuni shahrimizga minglab sayyohlar tashrif buyuradi. Yuqorida bildirgan takliflarimiz inobatga olinsa, yurtdoshlarimiz va mehmonlarning yurtimiz tarixi, Samarqand davlat universitetining dastlabki shakllanishi jarayoni Mirzo Ulug‘bek asos solgan akademiyaga borib taqalishi to‘g‘risidagi bilimlarini oshirishga xizmat qilishi tabiiy. Zero, asl o‘tmishimiz, ajdodlarimiz bilan faxrlanishga haqlimiz.
Tolib JO‘RAYeV, SamDU dotsenti.
Mirjalol BOBOTOYeV, SamDU filologiya fakulteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini.